Hamroqul Rajabov




Hamroqul Rajabov (1895-yil, Samarqand – 1938-yil Toshkent) – Samarqand shahar ijroiya qoʻmitasi raisi. Qatagʻon qurboni boʻlgan.

Hamroqul Rajabov 1895-yilda Samarqand shahridagi kambagʻal ishchi oilasida tugʻilgan. Millati – tojik. Maʼlumoti oʻrta maxsus. 1927-yilda Kommunistik partiya aʼzoligiga qabul qilingan.

Rajabov Hamroqul 1912-yilda Samarqand shahrida joylashgan „Otto Boroy“ pivo ishlab chiqaruvchi zavodida oddiy ishchi sifatida ish boshlaydi. 1917-yilga qadar shu yerda ishlaydi. 1918-yildan 1920-yilga qadar temirchilik ustaxonasida temirchiga shogird tushib ish oʻrganadi. Keyinchalik temirchilik ustaxonasida poyabzalga temir nagʻal qoquvchi sifatida ishga joylashadi.

Hamroqul Rajabov 1922-yildan 1923-yilga qadar Samarqand shahridagi Xolnazarovning Terk zavodiga ishga joylashadi. 1923-yildan 1927-yilgacha Samarqand Kvartal qoʻmitasida temirchi boʻlib ishlaydi. Samarqand agrar-paxtachilik fakultetida bir yil tahsil olgan. 1927-yildan 1930-yilgacha Samarqand shahri qishloq matlubot jamiyati raisi boʻlgan. 1930-yildan 1931-yilgacha Eroniylar tumanida rais boʻlgan. Shu bilan birga, Paxtachilik institutida tinglovchi boʻlgan. 1932—1933-yillarda Samarqand shahar ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, keyin esa rais boʻlib xizmat qilgan. Shahar sovetida tayyorlov boʻyicha sovet raisi oʻrinbosari boʻlgan .
Rus tilini bilgan. Hamroqul Rajabov partiya va sovet organlaridagi saylovlar natijasida partiya safiga qabul qilingan.
1938-yilning 13-oktyabrida Toshkentda boʻlib oʻtgan SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasi yigʻilishida aybdor deb topilib, oʻlimga hukm qilingan. Jazo oʻsha kuni ijro qilinib, otib tashlangan. Kommunistik partiyaning XX syezdidan soʻng oqlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org



Uzpedia.uz