Hamid Nuriy
Hamid Nuriy
Hamid Nuriy (1924-1976) - qalami o'tkir, g'oyat jo'shqin, hozirjavob, otashin publitis, tezkor jurnalist, iste'dodli shoir, nosir, tarjimon, serg'ayrat, sermahsul qalamkash, suhbati dilkash inson edi.
Biografiyasi
Hamid Nuriy 1924 yilda Namangan shahrida tug'ilgan. O'rta maktabda o'qidi. Harbiy hizmatni o'tadi. Farg'ona Davlat pedagogika institutini, Moskva Oliy adabiyot kursini tugatgan. "Namangan haqiqati", Qirg'iziston respublikasi O'sh viloyati gazetasida ishladi. U "Guliston" jurnalida bosh redaktor o'rinbosari bo'ldi, shuningdek, O'zTAG da faoliyat ko'rsatdi.
Hamid Nuriyning xilma-xil mavzudagi maqola, hikoya, she'r, ocherk, feletonlari viloyat hamda respublika matbuotida, jurnal va to'plamlarda bosildi. Turkman yozuvchisi Berdi Kerboboyevning "Dadil qadam" romani asosida ikki qismdan iborat kinofilm senariysini o'zbek tiliga o'girdi. Atoqli pedagog Suxomlinskiyning tarbiya haqidagi kitobi uning tarjimasida o'zbek kitobxonlariga yetdi.
Ijodi
Birinchi she'rlar to'plami "Do'stlar,kuylaymiz" deb ataladi. U 1960 yili O'zbekiston Davlat badiiy adabiyot nashriyotida chop etilgandi. Unda shoirning bahor, tinchlik, do'stlik, paxtakorlar, qishloq haqidagi she'rlari ham bor. Habib Sa'dulla "Iftixor" qasidasida "Nuriy baytlariga mehring yashirin" deb Vatan va Namanganni ko'zda tutadi. Hamid Nuriy O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining a'zosi edi.
uz.wikipedia.org