Halima Alimova
Halima Alimovna Alimova — (1940-yil, 21-aprel, Namangan, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — taniqli oʻzbekistonlik olima. Texnika fanlari doktori (1994), professor (1991).
Tarjimayi holi
Halima Alimova 1940-yil 21-aprelda Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida tavallud topgan. Oliy maʼlumotli. Texnika fanlari doktori (1994), professor (1991). U 1961-yil Toshkent to’qimachilik institutini tugatgan. Halima Alimova dastlabki mehnat faoliyatini Margʻilon ipak kombinatida boshlagan. U 1970—1990-yillar Oʻzbekiston SSR yengil sanoat vaziri oʻrinbosari, Davlat plan qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston SSR oliy soveti deputati, Sobiq ittifoq xalq deputati, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari raisi, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, 1990—2005-yillar Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti rektori, 2005-yildan buyon „Ipak texnologiyasi“ kafedrasi professori. Halima Alimova hozirgi kunda jamoat ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ilmiy faoliyati
Halima Alimova ipakning chiqindisiz texnologiyasini, toʻqimachilik texnika-texnologiyasini yaratish boʻyicha oʻz ilmiy maktabini yaratdi. U oʻz sohasi boʻyicha 400 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta darslik, 52 ta patent, 12 ta monografiya muallifi. Halima Alimova 7 nafar texnika fanlari doktori, 9 nafar texnika fanlari nomzodini tayyorlagan. U Xitoyning Sichuan yengil va qog’oz sanoati universiteti hamda Ivanovo to’qimachilik akademiyasining faxriy professori, „Xalqaro to’qimachilik Akademiyasi“ ning akademigi, „Nufuzli tinchlik elchisi“ faxriy unvoniga ega.
Mukofotlari
Halima Alimovaning ilmiy faoliyati va davlat oldidagi xizmatlari munosib baholanib, 1966-yil II darajali Fidokorona mehnati uchun medali, 1976-yil Hurmat belgisi ordeni, 1991—2001-yil Mustaqillik ko’krak nishoni, 2017-yil Doʻstlik ordeni, 2018-yil Mehnat faxriysi I darajali koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
uz.wikipedia.org