Habanero




Habanero (/ˌ(h)ɑːbəˈnɛəroʊ/) chillining o‘ta achchiq navi. Pishmagan habanerolar yashil rangga ega boʻladi. Toʻq sariq va qizil ranglari keng tarqalgan, ammo ba'zan oq, jigarrang, sariq, yashil yoki binafsha rangli qalampirlar ham boʻlishi mumkin. Odatda, pishgan habaneroning uzunligi 2 — 6 sm ga yetadi. Habaneroning achchiqligi Scoville shkalasi boʻyicha 100 000 — 350 000 ballga baholangan. Habaneroning achchiqligi, taʼmi va gul ifori uni ovqatlarning mashhur tarkibiy qismiga aylantirgan.

Nomlanishi



Habanero Kubaning La Habana shahri sharafiga nomlangan. Shunga qaramay, habanero kabi achchiq qo‘shimchalar anʼanaviy Kuba oshxonasida kamdan-kam qoʻllaniladi. Ingliz tilida baʼzan habañero soʻzi notoʻgʻri yoziladi va /ˌ(h)ɑːbəˈnjɛəroʊ/ deb talaffuz qilinadi.

Kelib chiqishi va qoʻllanilishi




Habaneroning asl vatani Amazonka, keyinchalik turli hududlarga tarqalib, Meksikaga yetib borgan. Bugungi kunda habanero qalampirining eng yirik ishlab chiqaruvchisi Meksikadagi Yukatan yarim oroli hisoblanadi. Habanero yukatan taomlarining ajralmas qismi boʻlib, tabiiy shaklda yoki pyure koʻrinishida koʻplab taomlar bilan birga isteʼmol qilinadi. Boshqa zamonaviy ishlab chiqaruvchilar qatoriga Beliz, Panama, Kosta-Rika, Kolumbiya, Ekvador hamda AQShning ayrim qismlari, jumladan, Texas, Aydaho va Kaliforniya shtatlari kiradi. 

Habanero chilli ispan mustamlakachilari tomonidan dunyoning boshqa hududlariga ham tarqatilgan. Shu sababli XVIII asr taksonomlari uning kelib chiqishi joyini adashib Xitoy deb hisoblab, uni Capsicum chinense („Xitoy qalampiri“) nomlashgan.

Shotland kapoti koʻpincha habanero bilan taqqoslanadi, sababi ular bir xil turdagi ikkita nav hisoblanadi. Shotland kapoti ham, habanero ham yupqa, yumshoq etga ega. Ular bir xil achchiqlik darajasi va taʼmiga ega. Ikkala nav ham oʻrtacha bir xil oʻtkirlik darajasiga ega, ammo genetika, oʻsish usullari, iqlimiga qarab bir meva ikkinchisidan farq qilishi mumkin. 

1999-yilda habanero Ginnesning rekordlar kitobiga dunyodagi eng achchiq ta'mli chilli sifatida kiritilgan. Habaneroning achchiqligi darhol sezilmaydi, biroq bir necha daqiqadan keyin oʻz ta'sirini koʻrsata boshlaydi, taʼmi ogʻizda bir soatgacha qoladi. Baʼzida achchiqlik qalampir isteʼmol qilinganidan keyin bir necha soat oʻtgach, qiziloʻngachda sezilishi mumkin. Trinidad moruga chayoni yaratilganidan so‘ng Capsicum chinensening kenja turi sifatida habanerodan ham achchiqroq ekanligi aniqlandi. Seleksionerlar Scoville shkalasi boʻyicha rekordni yangilaydigan navlarni yaratish bo‘yicha doimo kichik turlarni chatishtirib borishadi.

Parvarishlanishi



Habanero issiq iqlimga moslashgan. Barcha qalampirlar singari, habanero ham quyoshli joyda va pH darajasi 5 dan 6 gacha (bir oz kislotali) boʻlgan tuproqda yaxshi oʻsadi. Har kuni sugʻoriladigan habanero koʻproq vegetativ oʻsadi, lekin faqat quruq (har yetti kunda) sugʻoriladigan oʻsimliklar bilan solishtirganda kamroq meva beradi. Gullash hamda mevaning oʻsishi davrida har kuni sugʻorish gul va pishmagan mevalarning to‘kilishini oldini olishga yordam beradi. Ammo, ideal sharoitlarda ham gul to‘kilishi koʻpincha 90 % ga yetadi.

Habanero koʻp yillik oʻsimlikdir. Toʻgʻri parvarish va oʻsish sharoitlari bilan u bir necha yil davomida gullab, meva berishi mumkin. Habanero butalari tuvakli bogʻ uchun yaxshi nomzod hisoblanadi. Moʻtadil iqlim sharoitida u bir yillik hisoblanadi, har qishda quriydi va keyingi bahorda oʻrniga boshqasi ekiladi. Tropik va subtropik mintaqalarda o‘simlik yil davomida hosil beradi. Agar sharoitlar qulay boʻlsa, uzluksiz hosil olish mumkin. 

Habanero oilasiga mansub Caribbean Red navi sitrusli taʼmga ega boʻlib, Scoville reytingi 300 000 dan 445 000 Scoville birliklarigacha oʻzgarib turadi.

Galereya




Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz