Guljaxon Maxmudova
Guljaxon Nematjonovna Maxmudova (1985-yil, Quva tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olima, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Biografiyasi
Guljaxon Maxmudova 1985-yilda Quva tumanida tugʻilgan. 2000-yili Fargʻona politexnika instituti bakalavriaturasining „Moliya“ yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan va 2004-yilda tugatgan. 2004—2006-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining „Davlat moliyasini boshqarish“ mutaxassisligi boʻyicha magistraturasini tamomlagan. 2006—2007-yillarda „Paxta bank“ Fargʻona viloyat boshqarmasida 1-toifali mutaxassis, bosh mutaxassis lavozimlarida ishlagan. 2007—2010-yillarda Fargʻona davlat universitetining aspiranturasida oʻqigan. 2010—2014-yillarda Fargʻona politexnika instituti „Buxgalteriya hisobi va audit“ kafedrasi assistenti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fargʻona filiali „Ijtimoiy fanlar“ kafedrasi katta oʻqituvchisi, dotsenti vazifasini bajaruvchisi, kafedra mudiri lavozimida ishlagan. 2014—2016-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti „Makroiqtisodiyot“ kafedrasi katta ilmiy xodim-izlanuvchisi, 2014—2015-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti „Menejment va marketing“ kafedrasi dotsenti, 2015—2016-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti „Makroiqtisodiyot“ kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchisi, 2017-yildan „Iqtisodiyot nazariyasi“ kafedrasi dotsenti va 2019-yildan mazkur kafedra professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Ilmiy faoliyati
2010-yilning 24-dekabrida „Agrar sohani investitsiyalash samaradorligini oshirish yoʻnalishlari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2018-yil 29-iyunda Toshkent moliya institutida „Iqtisodiyotni modernizatsiyalash modellarining nazariy asoslarini takomillashtirish“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini (DSs) himoya qilgan. 130 ga yaqin ilmiy ishlar, jumladan, 6 ta monografiya, 10 ga yaqin oʻquv-uslubiy koʻrsatmalar, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org