Guljaxan Qarlibayeva




Guljaxan Ermekbayevna Qarlibayeva (1978-yil 21-aprel, Nukus, Qoraqalpogʻiston ASSR, Oʻzbekiston SSR) — qoraqalpogʻistonlik va oʻzbekistonlik olima, pedagogika fanlari doktori, professor.

Biografiyasi



Guljaxan Qarlibayeva 1978-yil 21-aprelda Nukus shahrida tugʻilgan. 1995-yil Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universtitetining fizika-matematika fakultetiga oʻqishga kirib, 1999-yil mazkur fakultetning fizika bakalavr yoʻnalishini tugatadi. 2003-yilda shu universitetining „Yarim oʻtkazgichlar va dielektriklar“ mutaxassisligi boʻyicha magistraturani tugatgan. 2001—2005-yillarda Nukus transport kasb-hunar kolleji fizika fani oʻqituvchisi, 2005—2013-yillarda Nukus davlat pedagogika institutining „Umumiy fizika“ kafedrasiga assistent oʻqituvchisi, 2013—2022-yillarda „Fizika oʻqitish metodikasi“ kafedrasi dotsenti lavozimida ishlagan. 2022-yilda „Fizika oʻqitish metodikasi“ kafedrasi professori.

Ilmiy faoliyati



2012-yil 15-martda „Innovatsion taʼlim texnologiyalari sharoitida fizika oʻqituvchisining metodik tayyorgarligini shakllantirish“ mavzusida nomzodlik ishini himoya qiladi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. 2014-yil 18-avgustda „Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlim aʼlochisi“ koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. 2017-yil 15-dekabrda Oʻzbekiston Xotin-qizlar „Olima“ uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan „Ilm yulduzlari“ IV Respublika intellektual koʻrik-tanlovida ishtirok etib, „Eng mohir ilm sohibasi“ nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. 2019-yil 30-dekabrdan pedagogika fanlari doktori. Doktorlik dissertatsiya himoyasini „Boʻlajak fizika oʻqituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish“ mavzusida qilgan. 2021-yilda „Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi“ esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz