Gugush
Gugush (ozarbayjoncha: Ququş; inglizcha: Googoosh, forscha: گوگوش) Haqiqiy ismi -
Foiqa Otashin (ozarbayjoncha: Faiqə Atəşin ; forscha: فائقهٔ آتشین) — eronlik qoʻshiqchi va aktrisa. 1950-yil 5-mayda Tehronda tugʻilgan. U 1970-yillarda Eronda eng mashhur qo‘shiqchi va aktrisalardan biri edi. Turkiya, Zakavkaziya, AQSh va Markaziy Osiyoda ham mashhur. SSSRda u "Uzun tun" filmi tufayli mashhurlikka erishgan.
Hayoti va ijodi
Foiqa Otashin 1950-yil 5-mayda Tehronning Sarcheshme ko‘chasida Sovet Ittifoqidan kelgan ozarbayjonlik muhojirlar oilasida tug‘ilgan.
Bolaligida u otasi bilan sahnada chiqishni boshladi, yetti yoshidan boshlab 13 yoshigacha bola aktyor sifatida filmlarda rol oʻynashni boshladi. Uning birinchi katta roli 1965-yilda "Iblis" filmida boʻlgan. U 25 dan ortiq filmlarda rol oʻynagan, ulardan biri oʻsha paytdagi eng muvaffaqiyatli Eron filmi edi. Uning baʼzi filmlari SSSRda namoyish etilgan, ulardan biri - "Uzun tun" mashhur filmga aylangan.
Foiqa Otashin sahna nomi sifatida, odatda, oʻgʻil bolalar uchun ishlatiladigan armancha "Gugush" ismini tanladi. Bu ism unga tugʻilganda berilgan, ammo erkakcha ism boʻlgani uchun roʻyxatdan oʻtishda muammolar yuzaga kelgan, shuning uchun u Foiqa ismi bilan roʻyxatdan oʻtgan.
Gugush fors tilidan tashqari, ozarbayjon, arab, arman, ingliz, italyan, ispan va fransuz tillarida qoʻshiqlar ijro etadi. Eronning oʻzida u zamonaviylik ramziga aylangan va juda mashhurdir.
1979-yilgi Eron inqilobi paytida Gugush Los-Anjelesda edi. Biroq vatanini sogʻinib, qaytishga qaror qilgan. Inqilobdan keyin nima uchun Eronda qolganiga javoban, u "vataniga boʻlgan muhabbatimdan" degan. Garchi inqilob koʻplab ramzlarni, ayniqsa, haddan tashqari gʻarblashuv tushunchalari bilan bogʻliq bo'lgan belgilarni oʻzgartirishga harakat qilgan boʻlsa ham, Gugush koʻp yillar davomida Eronda qoldi. 1979-yildagi Erondagi Islom inqilobidan keyin unga Eronda sahnaga chiqish taqiqlangan. U prezident Muhammad Hotami kelguniga qadar konsert bermagan, u unga mamlakat tashqarisida gastrol qilishiga ruxsat bergan.
2000-yilda u Shimoliy Amerikaga, Los-Anjeles shahriga koʻchib oʻtdi va u yerda bugungi kungacha ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda.
2002-yilda uning "Garibi-Oshina" qoʻshig'i BBC maʼlumotlariga koʻra Yaqin Sharqdagi eng mashhur qoʻshiq boʻldi.
Qoʻshma Shtatlarga koʻchib oʻtgandan soʻng, qoʻshiqchi gastrol safarini davom ettirdi va bir qancha mamlakatlarda chiqish qildi. Sobiq SSSR hududida qoʻshiqchi birinchi marta - 2017-yil 31-avgustda Yerevanda va 2017-yil 3-sentyabrda Tbilisida konsert berdi. Gugushni bir necha bor Ozarbayjonga konsertga taklif qilishgan, biroq Bokuda u konsert bermagan.
Gugush Oʻzbekistonga kelmagan. Ammo uning qoʻshiqlari koʻplab oʻzbek xonandalari tomonidan ijro etilgan. Gugushning kuylash uslubi oʻzbek qoʻshiqchilariga taʼsir koʻrsatgan.
Oʻzbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova qisqa muddat davom etgan xonandalik faoliyatida oʻziga Googoosha taxallusini tanlagan edi.
Oilasi
Gugush 3 marta turmushga chiqqan, uchinchisi Behruz Vosugʻi bilan birga bir nechta filmlarda suratga tushgan, lekin nikoh uzoq davom etmagan. Birinchi turmushidan Kambiz ismli oʻgʻli bor.
Adabiyotda
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org