Gruppa krovi
„
Gruppa krovi “ (ruscha: Группа крови, yaʼni „Qon guruhi“) — „Kino“ rok musiqa guruhining ayni nom bilan 1988-yil eʼlon qilingan studiyaviy albomiga kiritilgan qoʻshiq. Guruh repertuaridagi eng taniqli ashulalarning biri. „Gruppa krovi“ albomiga kiritilgan birinchi trek. Qoʻshiq premyerasi 1987-yilning 3-iyunida Leningrad rok-klubining beshinchi festivalida boʻlib oʻtdi.
„Russkiy reportyor“ jurnali 1917-2017-yillardagi eng muhim ruscha qoʻshiqlarni aniqlash uchun oʻtkazgan soʻrovnomada „Gruppa krovi“ ikkinchi oʻrinni egalladi. Rus dramaturgi va jurnalisti Aleksandr Jitinskiy „Gruppa krovi“ albomiga yozgan taqrizida „Gruppa krovi“ qoʻshigʻini eng sara qoʻshiqlardan biri deb nomladi.
Qoʻshiq rejissor Rashid Nugmanovning „Igla“ filmi saundtrekiga kiritilganidan keyin yanada ommalashdi. 2008-yil „Grand Theft Auto IV“ oʻyini saundtrekiga kiritilganidan keyin esa xorijiy tinglovchilar orasida ham tanildi. Bugunga qadar „Yu-Piter“, „Inspektor“ rus guruhlari, „YB[en]“ koreys guruhi hamda „Shiri“ meksikan guruhlari tomonidan „Gruppa krovi“ ashulasining oʻndan oshiq kaver versiyasi yozilgan. 2019-yilning 21-iyulida „Metallica“ guruhi ashulani Moskvada bergan konserti davomida rus tilida ijro etdi.
Ashulaning „Blood Type“ deb nomlanuvchi inglizcha versiyasi ham mavjud. Mazkur versiya Fransiyada yozib olingan boʻlib, 2002-yil „Posledniye zapisi“ terma albomida eʼlon qilindi. Shuningdek, guruh azolari Yuriy Kasparyan va Georgiy Guryanov ashulaning disko-versiyasini hozirlagan, ammo Viktor Soy bu versiya eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻymagan.
Jamoa
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org