Gʻoziddin Xon Feruzi Jang I
Mir Shihobiddin Siddiqiy (taxminan 1649—1710),
Gʻoziddinxon unvoni bilan mashhur boʻlgan, imperator Avrangzeb davrida Boburiylar imperiyasining yetakchi harbiy sarkardasi va zodagonlaridan biri. Boburiylar saroyi siyosatida muhim shaxs boʻlgan va bir nechta harbiy kampaniyalarda muhim rol oʻynagan. Avrangzebning sevimli zodagonlaridan, uning otasi Qilichxon Haydarobod davlatining asoschisi. Shuningdek, Dehlida Gʻoziddinxon madrasasi nomi bilan mashhur boʻlgan madrasaga asos solgan, oʻsha yerda dafn etilgan.
Yoshligi
Gʻoziddinxon 1649-yilda Buxoroda (hozirgi O‘zbekiston hududida) tugʻilgan. Obidxonning toʻngʻich oʻgʻli boʻlib, Boburiylar Hindistoniga safar qilgan va keyinchalik imperator Avrangzebning sevimli zodagoniga aylangan. Gʻoziddinxonning bobosi Aʼlam Shayx Buxoroning atoqli ziyolilaridan boʻlib, uning naslini mashhur avliyo Shihobuddin Suhravardiyga bogʻlashgan.
Faoliyati
Avrangzeb hukmronligi davrida
Mir Shihobiddin Boburiylar Hindistoniga taxminan 1670-yilda, Boburiylar imperatori Avrangzeb davrida kelgan. Saroyga qabul qilingan, tez orada Dekkanga boʻlgan bir nechta harbiy kampaniyalarda qoʻmondon sifatida ishtirok etgan. 1684-yilda Marathalarga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlari tufayli „Gʻoziddinxon Bahodir“ unvonini olgan. 1685-yilda qoʻshimcha ravishda „Firuz jang“ unvonini oladi. 1681-yilda Avrangzebning toʻrtinchi oʻgʻli shahzoda Muhammad Akbar qoʻzgʻoloni paytida xavfli vazifani bajarib, oʻzini namoyon qilgan.
1685-yilda Bijapurni qamal qilishda qatnashib, yurish muvaffaqiyatli kechgan. Ayniqsa, Avrangzebning uchinchi oʻgʻli shahzoda Aʼzam boshchiligidagi tuzoqqa tushib qolgan va och qoʻshinni ozod qilish uchun ushbu yurish paytida ogʻir yurishga rahbarlik qilgani uchun eʼtirof etilgan. Bu ishi uchun baliq bayrogʻi (mahi maratib) bilan taqdirlangan va „farzandi arjomand“ unvonini olgan. Bir yil oʻtgach, Adoni shahrini egallagan.
1687-yilda Golkonda qamalida va Haydarobodni egallashda ishtirok etgan, bu yurishda otasi Obidxon vafot etgan. Yurish paytida imperator Avrangzebni ikkinchi oʻgʻli
Muazzam va dushman (Golkonda sultonligi) oʻrtasidagi til biriktirishdan ogohlantirgan. Sultonlikning nominal merosxoʻri va oʻgʻillarini hibsga olishda ham u muhim rol oʻynagan. Tarixchi Satish Chandraning yozishicha, Gʻoziddinxon 1686-yilda Haydaroboddagi vabo tufayli koʻzini yoʻqotgan; ammo Ebba Koch 1690-yilda koʻrish qobiliyatini yoʻqotganini taʼkidlab, buni Bijapur qamalidagi vabo bilan bogʻlaydi. Koʻr boʻlganidan keyin ham Boburiylar harbiy maʼmuriyatida faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan.
Oʻlimi
Gʻoziddinxon 1710-yilda Gujarat subasining poytaxti Ahmadobodda vafot etgan. Uning jasadi Dehliga olib kelinadi va bu yerda oʻzi tirikligida asos solgan madrasa majmuasiga dafn qilinadi (Gʻoziuddinxon madrasasi).
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org