Gomeostaz
Gomeostaz , gomeostazis (gomeo... va yun. stasis — harakatsizlik, holat) — biologik sistemalarning oʻz tarkibi va xossalarining dinamik nisbiy doimiyligini saqlab qolish xususiyati. Gomeostaz tushunchasini amerikalik fiziolog U.Kennon (1929) taklif etgan. Gomeostaz biologik tuzilishning har xil darajasida namoyon boʻladi.
Fiziologik Gomeostaz Yerda hayotning paydo boʻlishi bilan shakllana boshlagan, chunki bir hujayralilarning kelib chiqishi hujayra ichida tashqi muhit sharoitidan farq qiladigan maxsus fizik-kimyoviy sharoitning qaror topishi bilan bogʻliq boʻlgan. Koʻp hujayralilarda vujudga kelgan ichki muhit ichida hujayra va toʻqimalar joylashadi, ana shu ichki muhitda Gomeostaz mexanizmlari rivojlanadi va takomillashib boradi. Evolyutsiya davomida qon aylanish, ayirish, nafas olish, hazm qilish va Gomeostazni boshqarishda zarur boʻlgan boshqa maxsus sistemalar vujudga kelgan. Dengiz umurtqasiz hayvonlarida ichki muhit suyuqligi hajmi, ion tarkibi va rN ini barqarorlashtiradigan gomeostatik mexanizmlar paydo boʻladi. Chuchuk suv va quruqlikda yashashga oʻtgan hayvonlarda, shuningdek, chuchuk suvdan dengizga oʻtgan umurtqalilarda osmotik faol moddalar konsentratsiyalanadi. Gomeostaz ayniqsa sut emizuvchilarda mukammal rivojlangan boʻlib, ularning atrof muhitga moslanish imkoniyatlarini oshiradi. Gomeostaz tufayli qon va toʻqima suyuqligi hajmi, ulardagi ionlar va osmotik faol moddalar konsentratsiyasi, qonning rN, undagi oqsillar, lipidlar va uglevodlar tarkibining doimiyligi saqlanib qoladi. Qushlar va sut emizuvchilar tana haroratining doimiyligi Gomeostaz tufayli ham boshqariladi. Qoʻshimcha fiziologik mexanizmlar alohida organlar ichki muhiti doimiyligini taʼminlaydi. Mas, gematoensefalik va gematooftalmik baryerlar miya hujayralari va koʻzlarni oʻrab turadigan suyukliklarning maxsus xossalarini belgilaydi. Gomeostazning boshqarilishida markaziy nerv sistemasi: bosh miya yarim sharlari poʻstlogʻi, simpatik nerv sistemasi, gipofiz, buyrak usti va b. bezlarning holati katta ahamiyatga ega. Har xil regulyatsiya mexanizmlarini oʻz ichiga oladigan murakkab gomeostatik sistemaga misol qilib arteriya bosimining optimal darajada saqlanib turishini taʼminlaydigan sistemani koʻrsatish mumkin.
Gomeostatik jarayonlar asosida yotadigan mexanizmlarning izdan chiqishi "Gomeostaz kasalligi" hisoblanadi. Bu jarayonlarga shartli ravishda biologik ritmlarning qayta qurilishi va b. bilan bogʻliq boʻlgan organizmlar normal faoliyatining funksional buzilishini ham kiritish mumkin.
Oʻsimliklarda Gomeostazni hujayra darajasida boshqarishda plazmolemma va tonoplast asosiy ahamiyatga ega. Plazmolemma tashqi muhitdan hujayraga oziq moddalar, ionlar va suvning oqib kelishi, ballast moddalar va ortiqcha N+, Na+, Sa2+ ionlarini chiqarib yuborishni; tonoplast esa oziq moddalar tanqisligida vakuollardan protoplazmaga zaxira moddalarni olib kirish va ularning ortiqcha qismini vakuollarga chiqarilishini boshqaradi. Toʻqima darajasida Gomeostazni saqlashda uglevodlar va b. substratlarning hujayralararo oqimini boshqaradigan plazmodesmalar qatnashadi.
Genetik, yaʼni populyatsion Gomeostaz oʻzgaruvchan muhit sharoitida populyatsiya genotipik strukturasining nisbiy barqarorligi va yaxlitligini saqlab turishdan iborat. Bu holatga populyatsiyadagi individlar erkin chatishganida allellar chastotasi genetik muvozanatini, geterozigotalik va podimorfizm hamda mutatsiya jarayoni muayyan tezligi va yoʻnalishini saqlab turish orqali erishiladi. Gomeostazni oʻrganish — mikroevolyutsiya qonuniyatlarini tadqiq qilishning dolzarb vazifasiga kiradi. "Gomeostaz" tushunchasidan ekologiyada ekosistemalar holati va ular turgʻunligiga tasnif berishda keng foydalaniladi. Gomeostaz tufayli biogeotsenozlarda turlarning tarkibi va individlar soni barqarorligi saqlanib turadi.
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org
Sun'iy intellekt javobi:
Gomeostaz — bu organizmning ichki muhitini doimiy va barqaror holatda saqlash jarayoni. Gomeostaz so‘zi yunoncha «homoios» (o‘xshash, teng) va «stasis» (to‘xtash, barqarorlik) so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, «barqarorlikni saqlash» degan ma'noni anglatadi.
Organizm turli ichki va tashqi omillar ta’sirida o‘zining ichki muhitini (masalan, qonning tarkibi, pH darajasi, harorati, suyuqlik miqdori va boshqa parametrlar) doimiy holatda ushlab turishi zarur. Bu jarayon hayotiy muhim funktsiyalarni to‘g‘ri bajarish va hujayralarning normal ishlashi uchun muhimdir.
Gomeostaz jarayoni asosan avtomatik nazorat tizimlari orqali amalga oshiriladi, ularda asosan 3 asosiy bo‘lim mavjud:
- Receptorlar — ichki muhitdagi o‘zgarishlarni sezib, u haqda signal beradi.
- Markaziy boshqaruv (nazorat markazi) — odatda miya yoki gormonal sistema bo‘lib, kelgan signalni tahlil qiladi va qanday choralar ko‘rilishini belgilaydi.
- Effektorlar — bu organlar yoki to‘qimalar bo‘lib, ularni boshqaruv markazi signal bilan boshqaradi va kerakli o‘zgarishlarni amalga oshiradi.
Masalan, tana haroratining gomeostaz orqali nazorati:
- Tana harorati ko‘tarilganda (masalan, isitma vaqtida), organizm terlashni yo‘lga qo‘yadi va tomirlarni kengaytiradi, shunda tana issiqligi tashqariga chiqariladi va harorat pasayadi.
- Tana harorati pasayganda esa, terlash to‘xtatiladi va mushaklarning titrashi (qaltirash) orqali issiqlik hosil qilinadi va harorat ko‘tariladi.
Shu tarzda, gomeostaz organizmni o‘zining normal faoliyatini saqlashga, tashqi muhitga moslashishga va kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. Bu tushuncha fiziologiya, biokimyo, tibbiyot va boshqa biologik fanlarda muhim o‘rinni egallaydi.