Golovin–Sivtsev jadvali
Golovin-Sivtsev jadvali (ruscha: Таблица Головина-Сивцева) koʻrish oʻtkirligini tekshirish uchun qabul qilingan standart jadval hisoblanib, 1923-yilda Sovet oftalmologlari Sergey Golovin va DA Sivtsev tomonidan ishlab chiqilgan. SSSRda bu jadval keng tarqalgan edi va 2008-yil maʼlumotlariga koʻra postsovet davlatlarida ham keng qoʻllaniladi.
Jadval 0,1 dan 2,0 gacha boʻlgan koʻrish oʻtkirligi qiymatlarini ifodalovchi, har biri 12 qatorli ikkita qismdan iborat. Chap qismi kirill alifbosidagi Sh, B, M, N, K va I harflari turli ketma ketliklaridan, oʻng qismi esa Landolt C belgilaridan iborat. Har bir belgining kengligi uning balandligiga teng.
Jadvalning oʻng tomonida V, chap tomonida esa D harfi bilan koʻrsatilgan koʻrsatkichlar berilgan. Jadvalning chap tomonidagi D koʻrsatkich oldidagi raqamlar koʻzi normal koʻruvchi (1,0) odamning jadvaldagi harflarni oʻqiy olish masofasini anglatadi. V harfi esa koʻzning minimal koʻrish oʻtkirligidir. Birinchi qatordagi harflarning chap tomonida D=50,0 raqami yozilgan boʻlib, bu mana shu qatordagi harflarni normal koʻz oʻtkirligiga ega odam 50 metr masofadan oʻqiy oladi deganidir. Odatda koʻrish oʻtkirligini 5 metr masofadan turib aniqlanadi. Shu bois, jadvalning 10-qatoridagi harflarning chap tomonida D=5,0 va oʻng tomonida V=1,0 koʻrsatilgan. Yaʼni normal koʻrish oʻtkirligidagi (1,0) odam 5 metr masofadan 10-qatordagi harflarni qiyinchiliksiz oʻqiy olishi kerak.
Birinchi qatordagi belgilar 70 mm oʻlchamda boʻladi (V = 0,1). Ikkinchi qator 35 mm, pastdan uchinchi qator 7 mm (V = 1,0) va mos ravishda eng pastki qatordagi belgilar oʻlchami 3,5 mm (V = 2,0) boʻladi.
Manbalar
uz.wikipedia.org