G‘ofurjon Mirzayev
Mirzayev Gʻofurjon Gʻaniyevich (1964-yil 21-aprel, Fargʻona viloyati) — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi (2020-yildan). 2016-yildan 2022-yilgacha Sirdaryo viloyati hokimi. 2022-yildan Oʻzbekiston Prezidentining maslahatchisi.
Biografiyasi
Taʼlim
1990-yilda Toshkent politexnika institutini muhandis-elektrik mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2000-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini (sirtqi) iqtisodchi mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati
Gʻofurjon Mirzayev 1990—1994-yillarda Bogʻdod don mahsulotlari kombinati sozlovchisi, avtomatika muhandisi, rais oʻrinbosari, 1994—1997-yillarda Bogʻdod tumani hokimining qurilish, sanoat, transport va aloqa masalalari boʻyicha oʻrinbosari, 1997—1998-yillarda „Oʻzdonmahsulot“ davlat aksiyadorlik korporatsiyasi qurilish, yangi texnologiyalar va modernizasiya bosh boshqarmasi boshligʻi, 1998—2000-yillarda Don mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining Fargʻona aksiyadorlik uyushmasi raisi, 2000—2003-yillarda „Oʻzdonmahsulot“ davlat aksiyadorlik korporasiyasi qurilish, yangi texnologiyalar va modernizatsiya bosh boshqarmasi boshligʻi, 2003—2011-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Tashkiliy-nazorat xizmati hududiy organlar bilan ishlash guruhi yetakchi inspektori, 2011-yilda qisqa muddat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Tashkiliy-kadrlar xizmati davlat hokimiyati hududiy organlari shoʻbasi yetakchi inspektori,
2011—2016-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Tashkiliy-kadrlar xizmati davlat hokimiyati hududiy organlari shoʻbasi bosh inspektori lavozimlarida faoliyat olib borgan.
2016-2022-yillarda Sirdaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritdi.
2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.
Mukofotlari
Gʻofurjon Mirzayev 2019-yilda "Mehnat shuhrati" ordeni bilan mukofotlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org