Glandulyar xeylit
Glandulyar xeylit — lab qizil hoshiyasi, uning cheka qismida joylashgan soʻlak bezlarining giperplaziyasi, giperfunksiyasi, ayrim hollarda esa geterotopiyasi tufayli vujudga keladi. Glandulyar xeylitning ikki xil shakli mavjud;
Birlamchi glandulyar xeylit koʻproq uchrab, taxminan 3-6 % hollarda kuzatiladi. Koʻpincha 40 dan oshgan kishilarda uchraydi. Erkaklarda ayollarga nisbatan 2 marta koʻp kuzatiladi.
Klinikasi
1. Birlamchi glandulyar xeylit tipik koʻrinishga ega. Shilliq pardaning lab qizil hoshiyasiga oʻsish qismida, ayrim hollarda esa qizil hoshiya yuzasida qizil nuqtaga oʻxshash, soʻlak bezlarining kengaygan uchi koʻrinadi, ulardan soʻlak tomchilari ajralib turadi. Agar teri artib quritilsa, 20-30 soniyadan soʻng soʻlak bezlari chiqaruv naychalari uchidan soʻlak tomchilari ajrala boshlaydi, soʻlak tomchilari, shudringga oʻxshab lab yuzasida joylashadi. Kam hollarda soʻlak bezlarining kengaygan uchlari mayda toʻgʻnogʻich uchidek kattalikda boʻlib, bez toʻqimalarining gipertrofiyasi tufayli hosil boʻladi. Ayrim hollarda esa soʻlak bezlari chiqaruv naychalari atrofida leykoplakiya oʻchoqlari hosil boʻladi. Baʼzan lab shilliq pardasi qizil hoshiyasi chegarali muguzlanadi. Glandulyar xeylit bilan ogʻrigan bemorlar labi doimiy namlanib, shu sabab yoriqlar, eroziyalar, kam hollarda esa turli xil rak oldi kasalliklari vujudga kelishi mumkin.
2. Ikkilamchi glandulyar xeylit turli xil surunkali yalligʻlanish bilan kechuvchi kasalliklar natijasida vujudga keladi: qizil yassi temiratki, qizil yugirik va boshqalar. Taxmin qilinishicha, jarayon bez toʻqimasini taʼsirlab, bezni giperplaziya va gipertrofiyaga uchratadi. Bunday hollarda asosiy kasallikning klinik koʻrinishi bilan birga, labda soʻlak bezlarining kengaygan chiqaruvchi teshiklari kuzatilib, ulardan soʻlak tomchilari ajralib turadi. Glandulyar xeylit tashxisi qiyinchilik tugʻdirmaydi.
Prognozi
Xushfeʼlli, ammo rak kasalligiga oʻtishi mumkin.
Davosi
Tolali elektrod yordamida soʻlak bezi diatermokoagulyatsiya qilinadi. Agarda faqatgina chiqaruvchi nayning yuqori qismigina koagulyatsiya qilinib, bez koagulyatsiyaga uchramasa, retentsion kista hosil boʻladi. Glandulyar xeylitda koʻpchilik bezlar patologik oʻzgargan boʻlsa, u holda ular jarrohlik yoʻli bilan kesib tashlanadi. Kleyn qismidan kesib, gipertrofiyaga uchragan soʻlak bezlari olib (yulib) tashlanadi. Agarda ikkilamchi xeylit boʻlsa, asosiy kasallik davolanadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org