Get




Get - yahudiylikda er va ayol o‘rtasidagi ajrim jarayoni hamda ayolning sobiq eri tomonidan taqdim etilgan hujjat (ajrim qog‘ozi). “Tavrot”ning birgina joyida ajrashish haqida so‘z boradi: “Kimda-kim nikohlansa va uning huzuriga kirganda ayolida biror zarar yoki nuqson topib, unga yoqmasa, ayoliga ajrim qog‘ozini yozib qo‘liga bersin” (Dvarim, 24:1). Mishnada “Tavrot”da keltirilgan “zarar, nuqson” so‘zlarini tushunishda I asrda ikki yetakchi maktablar orasidagi ixtilof bayon qilinganini qayd etish lozim. Shamay maktabi vakillari fikriga ko‘ra, ushbu so‘z “xiyonat qilish” ma’nosini anglatadi, chunki, er va xotin o‘rtasidagi ajrimning yagona sababi bu xiyonatdir. Gilel maktabi vakillarining ta’kidlashicha, mazkur so‘zdan er kishini ranjitadigan holatlar hisoblanadi. Hattoki, ayol kishining ovqat tayyorlashni bilmasligi kabi kichik sabablar hams hu jumladandir. Gilel maktabining qarashi yahudiylik qonunida o‘z ifodasini topgan.Biroq, ta’kidlash lozimki, ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish uchun nikoh shartnomasi - “ktuba” joriy qilingan. Unga ko‘ra, ayoli bilan ajrashmoqchi bo‘lgan kishi, ayoliga muayyan miqdorda gialiment to‘lash majburiyati yuklatiladi. Har qanday holatda ham, ayolini ajrashishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha ikki tarafning roziligi bilan bu holat amalga oshirilishi mumkin. Get er yoki uning vakili tomonidan yozilishi shart. Ajrim qog‘ozini tuzish o‘ta murakkab jarayon bo‘lib, uni mutaxassis ravvinlargina amalga oshira oladilar. “Get” belgilab qo'yilgan mezonga javob berishi shart qilingan. Jumladan, qo‘lda 12 qator yozilib, unda ajrimamalga oshirilayotgan shahar, yaqin atrofdagi daryo nomi, vaqti, er va ayolning nomlari yozilishi lozim. Dastlab, er guvohlar shohidligida hujjatlarni tayyorlash uchun kotib yollaydi. Get tayyor bo‘lgach, erga beriladi va u ayolining oldiga borib uning qo‘liga tutadi. Shundan so'ng ayol kishi xonani aylanasiga aylanib chiqadi.Bu narsa uning yangi, mustaqil maqomini ifoda etadi. So‘ng ravvin ayolga 90 kun muddat ichida boshqa turmush qurmaslikni ta’kidlaydi.
Qayd etish lozimki, yahudiylik qonunlariga asosan nikohlangan er-xotin, diniy ajrim (get) qilmasdan, faqatgina fuqarolik ajrimini rasmiylashtirgan bo‘lsalar, ularning nikohi o‘z kuchida qolaveradi. Getni olmagan ayol “aguna” deb nomlanadi. Getni olmasdan, boshqa kishi bilan turmush qurgan ayol, xiyonat qilgan bo‘ladi hamda ikkinchi turmushidan tug‘ilgan bolalari noqonuniy tug‘ilgan hisoblanadi. Shu sababli, er va ayolini o‘rtasini ajrim qilishda, “get”ni tuzishlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz