Germaniya-Qatar munosabatlari




Germaniya — Qatar munosabatlari Germaniya va Qatar oʻrtasida 1973-yilda oʻrnatilgan ikki tomonlama diplomatik munosabatlardir.

Diplomatik missiyalar



2005-yilda Qatar Berlinda elchixonasini ochdi. 2017-yilda Saud bin Abdulrahmon Ol Tani Qatarning Germaniyadagi elchisi boʻldi. Germaniyaning Dohada elchixonasi bor, uni 2017-yildan beri Hans-Udo Muzel boshqarib keladi.

Diplomatik tashriflar



1999-yilda Qatar amiri Hamad bin Xalifa Ol Tani Germaniyaga tashrif buyurdi, bu Qatar rahbarining ushbu mamlakatga birinchi rasmiy tashrifi boʻlgan. 2001-yilda Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Yoxannes Rau Qatarga, 2002-yilda Quyi Saksoniya Bosh vaziri Zigmar Gabriel bu davlatga davlat tashrifi bilan keldi. 2005-yilda Gerxard Shreder Qatarga rasmiy tashrif bilan kelgan birinchi Germaniya kansleri bo‘ldi. Tashrif davomida tomonlar xavfsizlik shartnomasini imzoladilar.

2017-yil sentabr oyida Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Tani Germaniyaga davlat tashrifi bilan bo‘lib, u yerda kansler Angela Merkel bilan Qatardagi diplomatik inqiroz yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. Angela Merkel diplomatik inqiroz va muammoning tez yechimi yoʻqligidan jiddiy xavotir bildirdi.

Diplomatik aloqalar



Siyosat



2014-yil avgust oyida Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vaziri Gerd Myuller Qatar IShID jangarilarini moliyalashtirayotganini daʼvo qilgan edi. Germaniya hukumati Gerd Myuller aytganidan afsusda ekanligini va Qatar bilan hech qanday tushunmovchilik bo‘lishini istamasligini izohladi. Germaniya vazir Myullerning bayonotiga izoh bergan kunning ertasiga Qatar rasmiylari IShID harakatlarini qoraladi va bu guruhga hech qanday mablag‘ ajratmayotganini eʼlon qildi.

Qatar diplomatik inqirozi



2017-yil 6-iyun kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan tashkil etilgan Qatarga boykotni qoraladi. 2017-yil iyul oyida Zigmar Gabriel blokada ishtirokchilarini Qatarning suveren davlat sifatidagi huquqlarini hurmat qilishga chaqirdi va diplomatik inqiroz sharoitida qatarliklarning ehtiyotkor xatti-harakatlarini olqishladi .

2017-yilning 5-iyulida Qatar hukumati munosabatlardagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida Germaniya razvedka xizmatlariga terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish bo‘yicha ularda mavjud bo‘lgan deyarli barcha maʼlumotlarni taqdim etishga rozi bo‘ldi.

Harbiy hamkorlik



2013-yil aprel oyida Qatar Germaniyaning Krauss-Maffei Wegmann mudofaa kompaniyasi bilan 62 ta Leopard 2 tanki uchun 2,5 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. 2016-yilning oktyabriga kelib, tanklarning qariyb yarmi Qatarga yetkazib berildi.

Biznes va investitsiyalar



Qatar Germaniyaning eng mashhur kompaniyalariga, jumladan, Volkswagen, Siemens va Deutsche Bank ga yirik sarmoya kiritdi.

2000-yilda Germaniya-Qatar biznes-forumi, 2007-yilda ikki davlat o‘rtasida qo‘shma iqtisodiy komissiya tashkil etildi. 2015-yilda Qatar tashqi savdosining 7,3 foizi Germaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qatarning Germaniyaga asosiy eksporti suyultirilgan gaz hisoblanadi. Germaniyaning Qatarga asosiy eksporti avtomobillar va mexanizmlardir.

Sanʼat va madaniyat



2017-yilda Qatarda Qatar muzeylar boshqarmasi tashabbusi bilan mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash maqsadida Germaniya madaniyati yili bo‘lib o‘tdi. Birinchi qoʻshma tadbir Germaniya dirijyori David Niemann boshchiligidagi Qatar filarmonik orkestrining chiqishlari boʻldi. Ular Qatar opera teatrida german va qatar musiqalarini ijro etishdi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz