Gʻayrat Safarov
Gʻayrat Shavkatovich Safarov (tugʻ. 27-yanvar 1974-yil, Termiz tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — oʻzbek muhandisi va siyosatchisi. III va IV chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati. Oʻzbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi aʼzosi.
Biografiyasi
Gʻayrat Safarov 27-yanvar 1974-yil Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. 1996-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini, 2011-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisliklari: gidrotexnik, davlat boshqaruvi.
Mehnat faoliyatini 1996-yilda „Surxon“ mexanizatsiyalashgan koʻchma yigʻish uchastkasi boshligʻi lavozimidan boshlagan. 2003-2007-yillarda „Toshkent qurilish boshkarmasi gidromexanizatsiyalash“ boshqarmasi boshligʻi, 2007-2008-yillarda „Surxon-Sherobod“ irrigatsiya tizimi boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 2008-2009-yillarda Surxondaryo viloyati „Termizdavsuvmaxsuspudrat“ davlat unitar korxonasi direktori, 2009-2010-yillarda Bandixon viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. 2010-2013-yillarda — Surxondaryo viloyati hokimligi kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish masalalari kompleksi kotibiyati mudiri. 2013-2015-yillarda „Qishloq qurilish invest“ injiniring kompaniyasi mas’uliyati cheklangan jamiyati Surxondaryo viloyati filiali direktori, 2017-2018-yillarda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi bosh inspektori. 2018-yildan Surxondaryo viloyati „Toza hudud“ davlat unitar korxonasi direktori.
2019-yilda Oʻzbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasidan Surxondaryo viloyatining 77-sonli Angora saylov okrugidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod sifatida koʻrsatilgan. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi aʼzosi.
Manbalar
uz.wikipedia.org