Gʻaroyib odamlar: Apokalipsis
Gʻaroyib odamlar: Hal qiluvchi on (inglizcha:
X-Men: Apocalypse ) 2016-yilda ekranlarga chiqarilgan superqahramonlar haqidagi filmdir. Marvel Entertainment, TSG Entertainment, The Donners' Company, Bad Hat Harry Productions va Kinberg Genre studiyalari tomonidan ishlangan hamda 20th Century Fox tomonidan tarqatilgan. Film gʻoyasi Marvel komikslaridagi Gʻaroyib odamlar nomli xayoliy jamoaga asoslangan. Gʻaroyib odamlar: Hal qiluvchi on 2014-yilda chiqarilgan Gʻaroyib odamlar: Oʻtgan kelajak filmining davomi hamda Gʻaroyib odamlar filmlar seriyasining toʻqqizinchi filmi hisoblanadi. Film rejissori — Bryan Singer, ssenariy muallifi — Simon Kinberg. Filmda bosh rollarni James McAvoy, Michael Fassbender, Jennifer Lawrence, Oscar Isaac, Nicholas Hoult, Rose Byrne, Tye Sheridan, Sophie Turner, Olivia Munn va Lucas Till ijro etishgan.
Filmning xalqaro namoyishi 2016-yilning 9-mayida London shahrida boʻlib oʻtgan. Film kinotanqidchilar tomonidan aralash baholangan.
Mazmuni
Eramizdan avvalgi 3600-yilda qudratli mutant En Sabah Nur qadimgi Misrni idora etadi. Uning idrokini boshqa bir odamning tanasiga oʻtkazish marosimi chogʻida u va uning toʻrt tarafdori pistirmaga uchrashadi. Natijada En Sabah Nurning tarafdorlari oʻldirilib, oʻzi esa umrbodga daxma ichida qolib ketadi.
1983-yili Alex Summers (talaffuzi: Aleks Sammers) ukasi Scott (talaffuzi: Skott) ni qobiliyatini boshqarishni oʻrganib olishiga umid qilib professor Charles Xavier (talaffuzi: Charlz Ksaviye) maktabiga olib boradi. Maktabda Scott telepat va telekinez Jean Grey (talaffuzi: Jin Grey) bilan uchrashadi. Ikkalasi ham bir-birini yoqtirib qolishadi.
Ming yillar davomida daxmada yotgan En Sabah Nur bir guruh sigʻinuvchilari tomonidan uygʻotiladi. Soʻngra, En Sabah Nur misrlik yosh mutant qiz Ororo Munroe (talaffuzi: Ororo Monro) bilan tanishadi hamda insoniyat haqida oʻrganadi. Insoniyat yoʻlini yoʻqotgan degan qarorga kelgan En Sabah Nur dunyoni qayta yaratishni reja qiladi. En Sabah Nur Munroening qudratini oshiradi va rejalashtirgan ishi uchun jamoa yigʻishni boshlaydi.
Sharqiy Berlinda Raven (talaffuzi: Reyven) teleportatsiya qilish qobiliyatiga sohib boʻlgan Kurt Wagner (talaffuzi: Kurt Vagner) ni mutantlar oʻrtasida janglar uyushtirish orqali koʻngil ochish uchun moslangan muassasadan ozod etadi. Soʻngra, Kurt Ravenni iltimosiga binoan Amerikaga teleportatsiya qiladi. Bu orada En Sabah Nur ikki mutant — Psylocke (talaffuzi: Psaylok) va Angelning qudratlarini oshirtirib, ikkisini ham jamoasiga qoʻshib oladi.
Kommunistik Polshada Erik Lehnsherr (talaffuzi: Erik Lensherr) xotini va qizi bilan baxtli hayot kechiradi. Erik zavodda ishlayotgan paytida zilzila boʻlganida qobiliyatidan foydalanib zavod ishchilaridan birining hayotini saqlab qoladi. Zavoddagi boshqa ishchilar bu haqida militsiyaga xabar berishadi. Bir guruh militsiya xodimlari uning qizini oʻrmonda garovga olishib, Erikni qoʻlga olishga urinishadi. Erik qizini qoʻyib yuborishlari evaziga ular bilan qamoqqa ketishga rozilik bildirar ekan, qiz otasini olib ketishayotganidan gʻazablanib mutant qobiliyatlarini (ongi bilan oʻrmondagi yovvoyi hayvonlarni chaqiradi) namoyon qila boshlaydi. Bu paytda militsiya xodimlaridan biri tasodifan Erikning xotini va qizini oʻldirib qoʻyadi. Gʻazab otiga mingan Erik militsiya xodimlarining hammasini oʻldiradi.
En Sabah Nur Erikni Auschwitz lageriga olib boradi va unga qudratining asl sathini koʻrsatadi. Erik lagerni buzib tashlaydi va En Sabah Nur boshchiligidagi jamoaga qoʻshiladi. Xavier Erik bilan ongi orqali aloqaga chiqqanda, En Sabah Nur masofadan turib Xavier mutantlar joylashuvini aniqlashda ishlatadigan moslama — Cerebrodan foydalanishga erishadi. En Sabah Nur Xavier orqali tegishli odamlarni butun Yer sayyorasidagi yadroviy arsenallarni fazoga uchirib yuborishga majburlaydi. En Sabah Nur va unga qoʻshilgan toʻrt mutant Xavier maktabiga kelib, uni oʻgʻrilab ketadi. Ularni toʻxtatishga uringan Alex tasodifan portlashni keltirib chiqaradi va butun maktab binosi vayron boʻlishiga sababchi boʻladi. Bu paytda Peter Maximoff (talaffuzi: Piter Maksimoff) yetib kelib, maktab binosi ichida boʻlgan hammani (Alexdan boʻlak; u portlashda halok boʻladi) super tez harakatlanish qobiliyati yordamida bino tashqarishiga olib chiqishga muvaffaq boʻladi. Keyinchalik, polkovnik William Stryker (talaffuzi: Uilyam Strayker) va unga boʻysinuvchi bir guruh askarlar portlash sodir boʻlgan joyga yetib kelishib, Hank, Raven, Peter va Moirani qoʻlga olishadi va soʻroq qilish uchun qarorgohlariga olib ketadi. Scott, Jean va Kurt yashirincha ularning ortidan borishib, Strykerning tajribasi — Weapon X yordamida doʻstlarini xalos etishadi.
Erik qudratidan Yer magnit maydonini oʻzgartirishda foydalanib, sayyora boʻylab koʻplab vayronagarchiliklarni keltirib chiqaradi. En Sabah Nur Xavierning psixik qudratiga sohib boʻlish maqsadida ongnini uning tanasiga oʻtkazishni rejalashtiradi. Xavier telepatik qobiliyati yordamida Jean va boshqalarga falokat chaqiruvini yuboradi. Buning ortidan Jean va boshqa bir guruh mutantlar En Sabah Nur va uning mutantlariga qarshi turish uchun Qohiraga yetib kelishadi. Ular Xavierni qutqarib, uchoqda uchib ketishadi. Angel va Psylocke uchoqqa hujum uyushtirganida, Kurt uchoq ichidagi mutantlarni uzoqroq va xavfsizroq joyqa teleportatsiya qiladi. Uchoq halokatida Angel halok boʻladi.
Erik va Ororo En Sabah Nurga qarshi kurashayotgan jamoaga oʻtishadi. Xavier Jeanni oʻzi oʻylaganidan koʻproq narsalarga qodirligiga ishontiradi. Soʻngra, Jean En Sabah Nurni yondirib kul qiladi. Psylocke qochib ketadi. Xavier Moira bilan qaytadan munosabatlarni boshlaydi. Erik va Jean maktabni qaytadan barpo etishadi. Xavier Erikdan maktabda qolib, oʻquvchilarga saboq berishda yordam berishini soʻraganda, Erik uning taklifini rad etadi. Peter Erikka uning oʻgʻli ekanligi haqida aytmaslikka qaror qiladi. Scott, Jean, Ororo, Kurt va Peter Gʻaroyib odamlar (X-Men) jamoasiga qabul qilinadi.
Titrdan keyingi sahnada, qora kostyum kiygan bir guruh odam Strykerning bazasidan Weapon Xga tegishli qon namunasini oladi.
Rollarda
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org