FRUNZE MIXAIL VASILEVICH
FRUNZE MIXAIL VASILEVICH [1885.21.1 (2.2), hozirgi Bishkek shahri 1925.31.10, Moskva] — Turkistonda sovet rejimini qurol kuchi bilan o’rnatgan sho’ro harbiy arboblarvdan biri. Rossiyada 1905-07 yillar inqilobida faol qatnashgan. Ivanovo—Voznesensk gubernya partiya komiteta va gubernya ijroiya qo’mitasi raisi hamda Yaroslavl gubernyasi harbiy komissari (1917-18). Sharqiy frontdagi 4-armiya qo’mondoni (1918-19), Sharqiy front (1919 yil iyuldan), Turkiston fronti (1919 yil avgust — 1920 yil sentabr) qo’mondoni. Butun Rossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston komissiyasi (Turkkomissiya) a’zosi (1919 yil oktabr — 1920 yil sentabr). Buxoro bosqini (1920 yil 28 avgust 2 sentabr)ning asosiy tashabbuskori sifatida Samarqandda turib kizil armiyaning harbiy harakatlarini boshqargan. Shu harakat tufayli Buxoro obidalarining aksariyati vayron etilib, minglab begunoh odamlar nobud bo’lgan. Buxoroda amirlik tuzumi ag’darib tashlangach, o’sha paytda jahondagi eng katta xazinalardan biri hisoblangan amirlikning butun xazinasini 2 eshelonda (har birida 14 tadan vagon) Moskvaga jo’natgan va uning ma’lum qismini o’zi o’zlashtirgan. Janubiy front qo’mondoni (1920 yil oktabrdan) sifatida Frunze Qrimni bosib olishda qatnashgan. Ukraina SSR XKS raisi o’rinbosari (1922-24). SSSR harbiy inqilobiy kengashi raisi o’rinbosari va raisi, harbiy va dengiz ishlari bo’yicha xalq komissari (1924-25). Ayni paytda ishchidehqon qizil armiyasi shtabi va harbiy akademiya boshlig’i (1924 yil apreldan). RKP (b) MK siyosiy byurosi va RKP(b) MK tashkiliy byurosi a’zoligiga nomzod (1924-25). Shoshilinch operatsiya qilingach, shubhali tarzda vafot etgan va Moskva Qizil maydoniga dafn qilingan. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrvda], T., 2000; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002; Qahramon Rajabov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz