Fozil Amirov




Fozil Fayzrahmonovich Amirov (1914-yil 26-yanvar — 1979-yil 7-iyul, Toshkent) — o‘zbek-sovet tibbiyot olimi, jarroh, topografik anatomiya bo‘yicha mutaxassis. U 1960-yilda Tibbiyot fanlari doktori, so‘ng 1961-yilda professor darajasini olgan. Fozil Amirov 1974-yilda O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvoni, SSSR Davlat mukofoti laureati bo‘lgan.

Tarjimai hol



Amirov Fozil 1914-yil 26-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U o‘rta maktabni a’lo baholarga bitirgach, toshkent tibbiyot institutiga kiradi. Mazkur dargohni 1938-yilda muvaffaqiyatli tugatgan. Mudhish ikkinchi jahon urushi boshlangach, 1943-yilda evakuasiya qilinganlar gospitalida yetakchi jarroh bo‘lib ishlagan va Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan.

U 1944-1946-yillarda yetakchi armiya jarrohi sifatida Vengriya va Ruminiyani ozod qilishda qatnashgan.

Fozil Amirov 1945-yilda II-darajali Vatan urushi ordeni, "Stalingrad mudofaasi uchun" va "Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun" medallari bilan taqdirlangan.

Tibbiyot olimi 1947-1957-yillarda tibbiyot va stomatologiya fakulteti dekan muovini lavozimida, 1949-yildan — fan nomzodi. “Ochiq pnevmotoraks patogenezi va undagi vagosimpatik blokadaning ta’sir mexanizmi” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qilgan. 1959-yilda “Tajribadagi nuqsonlar va bronxlar plastikasi” bo‘yicha doktorlik ilmiy darajasini yoqladi.

Amirov 1954-yilda "Mehnatdagi jasorati uchun" medali bilan taqdirlangan. 1956-yilda O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. Keyinchalik u 1970-yilda “Jasoratli mehnati uchun” medali bilan taqdirlangan.

O‘pka kasalliklari jarrohi, professor 1971-yilda O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi unvonini olgan. U 1974-yilda "Traxeya va bronxlarda rekonstruktiv operasiyalarni ishlab chiqqanligi uchun" SSSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

Fozil Amirov 1966-1979-yillarda - ToshTI Topografik anatomiya bilan operativ xirurgiya kafedrasi mudiri. U 1959-1967-yillarda institutda o‘quv jarayonini optimallashtirish bo‘yicha uslubiy seksiyaning raisi bo‘lgan. – ToshTI ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori bo‘lgan.

Shuningdek, u London (1959), Rim (1960), Berlin (1966)dagi xalqaro ilmiy anjumanlar ishtirokchisi.

Taniqli shifokor Amirov 1979-yilda Toshkentda vafot etgan. U Minor qabristoniga dafn etilgan.

Ilmiy faoliyat



Tibbiyot fanlari professori F.Amirov bronxologiyaning turli jihatlari, traxeya va bronxlardagi plastik jarrohlik paytida og‘riqni yo‘qotish, nafas olish yo‘llarida rekonstruktiv va tiklovchi operasiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha 143 ta ilmiy maqolalar muallifi sanaladi.

Nafas olish yo‘llarida rekonstruktiv operasiyalar usullari ishlab chiqilgan.

Fozil Fayzraxmonovich 1962-yilda “Traxeya va bronxlar plastiyasi” monografiyasini nashr ettirdi va bu operasiyalarning jarrohlik amaliyotiga keng joriy etilishiga xizmat qildi. Akademiklar A.P.Bakulev, P.A.Kupriyanov, B.V.Petrovskiy, A.A.Vishnevskiy, L.K.Bogush, E.N.Meshalkinlar uning ishini yuqori baholadilar.

U 30 martadan ortiq Butunittifoq Respublika qurultoy va konferensiyalarida ma’ruza qildi. Uning rahbarligida 6 ta doktorlik va 20 ta nomzodlik dissertasiyalari himoya qilindi.

Bibliografiyasi



• 1973-yilda Traxeya va bronxlarning alloplastikasi 

• 1974-yilda Qorin bo‘shlig‘i va uning organlarining rentgen anatomiyasi 

• 1976-yilda Anesteziya ostida bir o‘pkali ventilyasiya,

• 1978-yilda Traxeya va bronxlardagi rekonstruktiv operasiyalar

• 1962-yilda Traxeya va bronxlarda plastik jarrohlik


O‘qituvchilik faoliyati



Ko‘pgina shogirdlar, 6 nafar tibbiyot fanlari doktori va 2 nafar fan nomzodini tayyorlagan.

Unvon va mukofotlar



• II-darajali Vatan urushi ordeni

• Qizil Yulduz ordeni

• SSSR medallari

• O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi

• SSSR Davlat mukofoti (1974-yilda) (traxeya va bronxlarda jarrohlik operasiyalarini ishlab chiqish va klinik amaliyotga joriy etish uchun)

Havolar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz