Firdavs Fridunovich Abduxoliqov
1963 yil 10 avgustda Samarqand shahrida shifokor Fridun Abduxoliqov va jamoat arbobi Mohira Latipova oilasida tug‘ilgan. Ota tomondan bobosi Mirzo Qo‘qonboy Abduxoliqov atoqli adib, tarjimon, jadidchilik harakati namoyandalaridan edi. Ona tomondan bobosi Mirzo Buxoriy esa yirik tadbirkor bo‘lgan.
Firdavs Abduxoliqov 1985 yilda Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlab, mehnat faoliyatini Samarqand shahridagi 33-maktabda o‘qituvchisi sifatida boshlagan. So‘ngra qator mualliflik loyihalarini amalga oshirib, o‘zbek media sohasi rivojiga hissa qo‘shgan. Jumladan O‘zbekistonda ilk xususiy gazeta va telekanalga asos solgan.
Ayni vaqtda Firdavs Abduxoliqov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, sanʼatshunoslik bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” mega loyihasi muallifi, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)dagi faoliyati
2018 yilda 30 davlatdan 300 nafar sharqshunos olimlar ko‘magida F.Abduxoliqov O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatini tuzish tashabbusi bilan chiqdi. Bunda unga O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor Edvard Rtveladze yaqindan yordam berdi. Butunjahon jamiyatining 2018 yilda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro kongressida F.Abduxoliqov 300 dan ortiq olimlarning qarori bilan bir ovozdan ushbu jamiyat boshqaruvi raisi etib saylangan.
Firdavs Abduxoliqov o‘zining bor bilim va salohiyatini O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq qilish va ommalashtirishga bag‘ishladi. Vatanimiz madaniy merosini ulug‘lash, u orqali dunyo hamjamiyati eʼtiborini O‘zbekistonga qaratishni maqsad qilgan original mualliflik loyihalari orqali ko‘plab insonlarni ilhomlantirdi.
“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi ana shunday dolzarb va keng qamrovli ilmiy loyihalardan hisoblanadi. Bu loyihaning maqsadi turli mamlakatlar kutubxonalaridagi mumtoz alloma va ulamolarimizning kitoblari, chet el muzeylari va shaxsiy kolleksiyalaridagi O‘zbekiston tarixiga dahldor osori-atiqalar foto nusʼhalarini o‘zida jamlagan illyustratsiyali kitoblarni tayyorlab, ko‘chirma nusʼhada bo‘lsa ham o‘qib-o‘rganish uchun yosh avlodlarga taqdim etish.
Shubhasiz bu amaliy ishlar madaniy merosimizni tobora mukammal o‘rganish va chuqurroq tadqiq qilishga qulay zamin yaratadi. Ushbu loyiha doirasida shu kungacha 80 ga yaqin kitob-albomlar nashr etilib, yurtimiz va chet ellardagi kutubxonalar, taʼlim muassasalariga bepul taqdim etildi. Hozirda turkumning yangi jildlari nashrga tayyorlanmoqda. Ularga O‘zbekiston muzey va kutubxonalaridagi qo‘lyozmalar, tarixiy eksponatlar, azaliy xalq hunarmandchiligimizga taalluqli sanʼat namunalari qamrab olinmoqda.
Firdavs Abduxoliqov rahbarligida Butunjahon jamiyati tomonidan shuningdek “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumida 19 ta kitob-albom, nafis miniatyuralar va boshqa milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks ettirgan 6 ta sovg‘abop kitob-albomlar, Madaniy-tarixiy merosga oid 25 ta hujjatli film, qadimiy va o‘rta asrlarga oid “Katta Langar Qurʼoni”, “Meʼrojnoma”, “Zafarnoma”, “Husayn Boyqaro devoni”, “Temur tuzuklari”, “Ravzatus-safo”, "Turg‘un yulduzlar kitobi” kabi qadimiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari chop etildi.
Bundan tashqari “O‘zbekiston mahallalari”, “O‘zbekiston arxeologik yodgorliklari xaritasi”, “O‘zbekiston meʼmoriy yodgorliklari katalogi”, “Qadimiy shaharlarning 3D instalyatsiyasi”, “114 ta qurʼon nusxasi” kabi multimedia loyihalari ham Firdavs Abduxoliqov muallifligida yaratilgan.
Firdavs Abduxoliqov yuqoridagi o‘xshashi yo‘q, dolzarb va muhim loyihalarni tizimli va tezkor amalga oshirish bilan birga, ular doirasidagi kongresslar, xalqaro konferensiyalar, kitoblar va multimedia asarlarni tayyorlash uchun butun dunyodan tarixiy merosimizga ishtiyoqi baland yuzlab olimlar, jurnalistlar, tadbirkorlarni tadqiqotlar, targ‘ibotlar va homiylik ishlariga jalb eta oldi.
F.Abduxoliqov, beminnat tarqatilayotgan muxtasham kitoblar, keng qamrovli xalqaro tadbirlar va taqdimotlar orqali nafaqat madaniy meros targ‘ibotiga, balki madaniyatimiz, turizm va ilm-fan rivojiga ham katta hissa qo‘shmoqda.
Prodyuserlik faoliyati
Firdavs Abduxoliqov 2019 yil 12 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan “O‘zbekkino” Milliy agentligi (Ayni paytda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi) bosh direktori etib tayinlandi.
Firdavs Abduxoliqov rahbarligida o‘zbek kinosi sohasida sezilarli ildamlash sezildi. Xususan bir qator nufuzli festival va tanlovlar joriy etildi, tarixiy Toshkent kinofestivali qayta tiklandi, kino sanoati sohasida ko‘plab davlatlar bilan do‘stona hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, o‘zbek kinoijodkorlari ko‘pgina xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi, shuningdek yosh kinoijodkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Bu davrda xalqimiz tomonidan yaxshi kutib olingan “Ilhaq”, “Ibrat”, “O‘zbek qizi”, “Muqimiy”, “Tutqunlik”, “Ayol qismati”, “Abdulla Oripov”, “101-reys”, “Sudya”, “Yakshanba”, “Puling bo‘lsa”, “Ayol qalbi”, “Baron-2”, “Avloniy”, “Behbudiy”, “Faridaning 2000 qo‘shig‘i”, “At-Termiziy”, “Qo‘qon shamoli” kabi ajoyib kinofilmlar ishlab chiqarildi.
Firdavs Abduxoliqov O‘zbekiston va chet davlatlar nashrlarida chop etilgan 25 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifidir. 2023 yil oktyabrda “O‘rta asr Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar badiiy talqini” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Unvonlari va davlat mukofotlari
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni (2011) – ko‘p yillik samarali mehnati va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun.
“Mehnat shuhrati” ordeni (2018) – iqtisodiyot va madaniyat, xalq farovonligi yuksalishiga, tinchlik va barqarorlikni saqlash yo‘lida qilgan ulkan xizmatlari uchun.
Xalqaro Ibn Sino mukofoti (2019) - tibbiyot, maʼrifat va taʼlim sohasidagi yutuqlari uchun.
Qo‘rqut-Ota kinofestivalining xalqaro mukofoti (2021) – turkiy tilli davlatlar madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun.
“Tojikiston Respublikasi kinematografiyasi aʼlochisi” ko‘krak nishoni (2021) – Markaziy Osiyo kino sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Faxriy yorlig‘i (2022) – MDH mamlakatlarida kino sanʼatini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun.
“Yevroosiyo” xalqaro kinofestivalining faxriy diplomi (2022) – Yevroosiyoda festival harakatini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun.
Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Kristian Danilovich Fren nomidagi medal (2023) - akademik sharqshunoslik fanini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun.
"VGIKga 100 yil" esdalik yubiley medali (2023) - universitet faoliyatidagi faol ishtiroki uchun.
“VGIK faxriy professori” unvoni (2023) - kino taʼlimini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi va yosh mutaxassislarni tayyorlashdagi faol ishtiroki uchun.
“Qo‘rqut-Ota kinofestivali”ning xalqaro mukofoti (2023) – turkiy dunyo kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun.
TURKSOY oltin medali (2023) – Turk dunyosi madaniyati va sanʼatiga qo‘shgan hissasi uchun.
“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni (2000)
“O‘zbekiston mustaqilligining 10, 20, 25, 30 yilligi” esdalik nishonlari
“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25, 30 yil” esdalik nishonlari
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining “Shon-sharaf” ordeni (2018)
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining “Turizm fidokori” ko‘krak nishoni (2021)
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga 30 yil” esdalik nishoni (2021)
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Hamkorlik uchun” ko‘krak nishoni (2022)
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligi” ko‘krak nishoni (2023).
“Oltin qalam” milliy mukofoti Gran-prisi (2011).
1963 yil 10 avgustda Samarqand shahrida shifokor Fridun Abduxoliqov va jamoat arbobi Mohira Latipova oilasida tug‘ilgan.