Fikrat Kerimov




Fikrat Azizovich Kerimov (1955-yil 6-iyul, Buxoro viloyati Olot tumani) — pedagogika fanlari doktori, professor, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi. 1980-yilgi Moskva olimpiadasi qatnashchisi, erkin kurash bo‘yicha sport ustasi, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam. Butunjahon Armrestling federatsiyasi (WAF) a’zosi.

Tarjimayi holi



Fikrat Kerimov O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti)ni tamomlagan (1973—1977). 1977—1980-yillarda Toshkent avtomobil yo‘llar instituti o‘qituvchisi, 1980—1981-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti markaziy ilmiy-metodik laboratoriyasi katta laboranti bo‘lgan. 1981—1982-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Sport kurashi kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi, 1982—1984-yillarda Toshkent shahar Butunittifoq ilmiy-tadqiqot jismoniy tarbiya instituti aspiranti sifatida faoliyat yuritgan.

Aspiranturani yakunlagach, 1984—1989-yillarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Sport kurashi kafedrasi katta o‘qituvchisi vazifasini bajaruvchi, kafedra katta o‘qituvchisi, dotsent lavozimlarida ishlagan. 1989—2001-yillarda esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti Milliy va xalqaro kurash kafedrasi mudiri sifatida faoliyat olib borgan. Fikrat Kerimov 2001—2004-yillarda institutining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritdi.

U keying faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi (hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi)da olib borib, 2004—2006-yillarda mazkur vazirlikning sport ta’lim muassasalari va fan boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. 2006—2007-yilarda yana faoliyatini O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida davom ettirib, Milliy va xalqaro kurash turlari kafedrasi professori lavozimida ishladi. 2007—2010-yillarda institutning Jismoniy tarbiya nazariyasi va uslubiyati kafedrasiga mudirlik qildi. 2010-yilda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi huzuridagi ilmiy texnika axborot davlat unitar korxonasi direktori lavozimiga tayinlandi.

Ilmiy-uslubiy ishlari



Fikrat Kerimov tomonidan 250 dan ortiq ilmiy ishlar e’lon qilingan. Jumladan, „Sport kurashi nazariyasi va uslubiyoti“ (darslik, 2005), „Sportda prognozlashtirish va modellashtirish“ (darslik, 2005), „Valeologiya asoslari“ (darslik, 2005), „Вольная борьба“ (bolalar va o‘smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktablari uchun dastur va qo‘llanma, 2007) va boshqalar.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz