FENOLOGIYA (Yunoncha phainimena — hodisa va … logiya) — tabiatdagi mavsumiy hodisalar, ularning boshlanish muddatlari va shu muddatlarni belgilovchi omillar to’g’risidagi bilimlar sistemasi. “Fenologiya” terminini belgiyalik botanik Sh. Morran taklif etgan (1853). Yuksak o’simliklarda kurtaklarning bo’rtishi va yozilishi, barg chiqarishi, gunchalash (shonalash), gullash, urug’va mevalarning pishib yetilishi, kuzda burglar sarg’ayishi va to’kilishi (xazonrezgilik); sut emizuvchi hayvonlarda qishki uyqudan uyg’onish, juftlashish, bolalash, mavsumiy tullash va hokazolar; qushlarda bahorgi uchib kelish, uya solish, tuxum qo’yish, jo’ja ochish, kuzgi uchib ketish va boshqalar; baliqlarda bahorgi serharakat hayot, uvildiriq (ikra) tashlash, mavsumiy ko’chib yurish; hasharotlarda qishlab chiqqan individlarning bahorgi uyg’onishi, g’umbaklardan hasharotlar paydo bo’lishi, tuxumdan lichinka (qurt) ochib chiqishi, juftlashishi, tuxum qo’yishi va hokazolarning sodir bo’lish muddatlarini o’rganadi. Tekshirish ob’yektiga binoan, Fenologiya umumiy va xususiy Fenologiyaga bo’linadi. Umumiy Fenologiya tabiat taraqqiyotini yil fasllarining bir me’yorda almashinib turishi bilan bog’liq holdagi yaxlit hodisa sifatida o’rganadi. Xususiy Fenologiya fitofenologiya yoki o’simliklar Fenologiyasi hamda zoofe – nologiya — hayvonlar Fenologiyasiga bo’linadi. Fitofenologiyada madaniy va yovvoyi o’simliklar, begona o’t va boshqalarning mavsumiy rivojlanishi o’rganiladi. Tabiatdagi mavsumiy hodisalar qadimdan o’rganila boshlagan. Hozirgi ilmiy Fenologiya 18-asrda qaror topdi. 1734 yilda frantsuz olimi R. Reomyur g’alla ekinlari va hasharotlarning mavsumiy rivojlanishi xaroratga bog’liq ekanligini o’rgana boshladi. 1748 yildan boshlab K. Linney fenologik kuzatishlar olib bordi va 1750 yilda kuzatuv punktlarining birinchi tarmog’ini tashkil etdi. 19-asr o’rtalariga kelib, G’arbiy Yevropadagi barcha yirik mamlakatlar va Rossiyada fenologik kuzatishlar olib boriladigan bo’ldi. 20-asrda fenologik kuzatishlar va tadqiqotlar Markaziy Yevropadagi hamma mamlakatlar hamda AQShda, keyinroq borib, boshqa mamlakatlarda, jumladan, O’zbekistonda ham keng tarqaldi. Tabiatdagi mavsumiy hodisalarning boshlanish muddatlarini belgilab beruvchi omillar va qonuniyatlarni ekologik Fenologiya o’rganadi. Bu omillar endogen va ekzogen omillarga bo’linadi. Ekzogen omillarni tashqi muhit belgilaydi. O’simliklarning bahorgi uyg’onish muddatlarini, asosan, issiqlik rejimi belgilab beradi. Hayvonlarda mavsumiy hodisalarning muddati, ko’pincha, ularning oziklanish sharoiti bilan bog’liq. Masalan, hasharotxo’r qushlar bahorda hasharotlar ko’paygan vaqtda uchib keladi. Odatda, o’simliklar ustida o’tkaziladigan fenologik tadqiqotlarda vizual kuzatish, miqdoriy o’lchash (masalan, o’simliklar massasining o’sishi), integral (u yoki, bu rivojlanish fazasiga kirgan o’simliklar soni foiz hisobida) metodlar qo’llanadi. Har yillik kuzatishlar natijasi spektrlar shaklida; muayyan hududda o’simliklarning har xil fenofazaga kirish muddatlari jadval va grafik shaklda tabiat kalendariga qayd etib boriladi. Odatda, bunday kuzatishlar maxsus ajratilgan tajriba maydonchalari va tabiat qo’riqxonalarida o’tkaziladi. Kuzatish natijalari, ya’ni u yoki bu fenofazalar muddati geografik atlaslar tarkibiga kiruvchi fenologik xaritalarga tushiriladi. Fenologiya ma’lumotlaridan qishloq xo’jalik ekinlarini ekish va hosilni yig’ishtirib olishning eng qulay muddatlarini belgilab berish, asalarilar uchun asal shirali o’simliklar va yashil xiyobonlar tashkil etish uchun daraxtlarni tanlashda, o’rmonlarda va boshqa joylarda yong’in eng ko’p xavf tug’diradigan fasllarni aniqlashda foydalaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Sun'iy intellekt javobi:
Fenologiya — bu o‘simliklar, hayvonlar va boshqa organizmlarning tabiatdagi mavsumiy takrorlanuvchi hodisalarini o‘rganadigan ilmiy soha. Bu hodisalar asosan iqlim bilan bog‘liq bo‘lib, harorat, yorug‘lik miqdori va namlik kabi muhit omillari ta’sirida yuzaga keladi. Fenologiya tabiatning ritmi, masalan, gullash, meva berish, barg to‘kilishi, qushlarning ko‘chishi, chivinlar paydo bo‘lishi kabi jarayonlarni o‘rganishga qaratilgan.
Fenologiyaning asosiy maqsadi – organizmlarning tabiiy hayot tsikllarini aniqlash, ularni iqlim o‘zgarishlariga qanday moslashishini kuzatish va yashash muhitining o‘zgarishlarini baholashdir. Bu soha ekologiya, agronomiya, meteorologiya va iqlimshunoslik sohalari uchun muhim bo‘lib, qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va atrof-muhit monitoringida keng qo‘llaniladi.
Masalan, mevalarning gullash va pishish vaqtlarini kuzatish qishloq xo‘jaligi hosilini prognoz qilishda yordam beradi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishlari sababli fenologik jarayonlarning o‘zgargani ekologik muammolarni oldindan aniqlashga imkon yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, fenologiya — bu tabiatdagi hayotning mavsumiy ritmini, ya’ni "tabiat taqvimi"ni o‘rganishdir, u orqali inson tabiat va iqlim o‘zgarishlarini chuqurroq tushunadi va ularga moslashishni o‘rganadi.
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish