Felicity Ace
Koordinatalari: 37°31′43″N 28°59′08″W / 37.52861°N 28.98560°W / 37.52861; -28.98560 G O
Felicity Ace — yuk tashuvchi kema (rolker). Kema 2005-yilda „Shin Kurushima“ kemasozlik zavodi tomonidan qurilgan, Panamada roʻyxatdan oʻtkazilgan bu kema Yaponiyaning Mitsui O.S.K Lines kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. Kema 2022-yilning fevralida Azor orollari janubida suzayotganida yonib ketib, yongʻin natijasida mart oyi boshida okeanga cho‘kib ketadi.
Tavsifi
Felicity Ace avtomobillar va yuk mashinalarini maxsus tashishga moʻljallangan rolker. Kemaning uzunligi 199,9 metr, eni 32,3 metr, suvga botishi 9,7 metrni tashkil etgan. Kemaning suv sigʻimi 17 738 tonna, vazni esa 60 118 tonnani tashkil qilgan. Kemaga quvvati 15 286 kilovatt boʻlgan bitta dizelli dvigatel oʻrnatilgan. Bu dvigatel orqali kema soatiga 41 km tezlikda suzgan. Kema Yaponiyaning Imabari shahridagi „Shin Kurushima“ kemasozlik zavodining Ōnishi boʻlimida Mitsui O.S.K. Lines kompaniyasi uchun qurilgan. Kema 2004-yil 9-dekabrda qurilishi boshlanadi va 2005-yil 2-iyulda suvga tushiriladi. Kema 2005-yil 5-oktyabrda qurib bitkazilib, Mitsui O.S.K. Lines kompaniyasiga topshirilgan. Kema Panama bayrogʻi ostida suzish huquqi bilan Aurora Car Maritime Transport SA mulki deb roʻyxatdan oʻtkazilgan. 2011-yili kema Mitsui O.S.K. Lines kompaniyasi boshqaruvi ostida Snowscape Car Carriers SA mulki sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi.
2022-yildagi falokat
2022-yil 10-fevral kuni Felicity Ace kemasi Germaniyaning Emden shahridagi portdan, bortida Volkswagen konserniga tegishli boʻlgan 3965 ta avtomobillar (jumaladan, Volkswagen, Audi, Porsche, Lamborghini, Bentley modelidagi avtomobillar) bilan suzib chiqib ketadi. Bu avtomobillarning umumiy bahosi 500 mln yevroni tashkil qilgan.
Shuningdek, avtomobillar orasida Volkswagen ID.4 va Audi Q8 e-tron elektromobillar, uchta SEAT Ateca krossoveri, 15 ta Lamborghini Aventador LP 780-4 Ultimae (har birining chakana narxi taxminan 500 ming AQSh dollari) bor boʻlgan. Ultimae Lamborghini Aventadorning soʻnggi rusumi boʻlib, falokat paytida bu avtomobilni ishlab chiqarish toʻxtatilgandi. Bundan tashqari, kema bortida turli xil xususiy yengil va yuk avtomobillar, koʻplab traktorlar ham mavjud boʻlgan.
2022-yil 16-fevralda AQShning Rod-Aylend shtatidagi Davisville (talaffuzi: Deyvisvill) ga qarab, Shimoliy Atlantikada suzib ketayotgan kemada yongʻin chiqadi. Bu vaqtda kema Azor orollaridagi Terceira (talaffuzi: Terseyra) orolidan 320 km uzoqlikda suzayotgandi. Kema kapitanining Reuters axborot agentligiga bergan maʼlumotiga koʻra, kemadagi yongʻin elektromobillarning biridagi litiy-ionli akkumulyatorning yonishidan kelib chiqqan va uni faqat maxsus abob-uskunalar bilan oʻchirish mumkin boʻlgan. OAVdagi maʼlumotlardan farqli ravishda, yongʻinga elektromobil sababchi boʻlganligi mavhumdir. Kema ekipajlarning 22 aʼzosi Portugaliya harbiy dengiz kuchlari tomonidan qutqarib qolinadi. Kema Portugaliya harbiy dengiz kuchlariga tegishli boʻlgan, Azor orollarining janubi-gʻarbida taxminan 170 km uzoqlikda suzayotgan NRP Setúbal patrul kemasi tomonidan kuzatilgan boʻlib, ular yongʻinning oʻchishini va kemani qirgʻoqga chiqishini kutishayotgandi. 18-fevralda kemani qutqarish uchun Niderlandiyadagi Smit International kompaniyasi bilan shartnoma tuziladi. Yongʻinni oʻchirish uchun Gibraltardan oʻt oʻchirish uskunlari bilan jihozlangan ikkita yirik buksirga (shatakchi kema) buyurtma beriladi. Shuningdek, 23-fevral yoki 24-fevralda Rotterdamdan oʻt oʻchirish uskunlari bilan jihozlangan qutqaruv kemasi ham yetib kelishi kerak edi. Portugaliya harbiy dengiz kuchlari vakili soʻzlariga asosan Felicity Ace kemasini oʻlchami kattaligi sababli Azor orollaridagi portga olib kelinishi dargumon boʻlgan. Kema bir haftda davomida nazoratsiz holda yonib suzishda davom etgan. Smit International kompaniyasining qutqaruv guruhi kemaga chiqishga muvaffaq boʻlishadi, kemadagi yongʻin oʻchirilib, kemani buksirga ulash imkoniyati vujudga keladi.
2022-yil 1-martda kema agʻdarilib, choʻkib ketadi. Mitsui O.S.K. Lines kompaniyasi vakili xabariga koʻra, kema oʻng bortdan 45
° ga egila boshlab, kutilmaganda mahalliy vaqt bilan ertalab soat 9 da, Azor orollaridan 350 km uzoqlikda boʻronli dengizga agʻdariladi. Dengiz neft bilan ifloslanganligi haqidagi maʼlumotni Mitsui O.S.K. Lines kompaniyasi tasdiqlay olmaydi. Portugaliya harbiy deniz kuchlari maʼlumotiga koʻra, dengizning yuza qismida kema parchalari va neft qoldiqlari koʻringan, kema choʻkkan hududning chuqurligi 3 ming metrni tashkil qilgan.
Yongʻin tufayli Porsche 1117 ta, Audi 1944 ta, Bentley 189 ta, Lamborghini 85 ta, Volkswagen 561 ta avtomobillaridan ayriladilar. Russell Group kompaniyasi zarar yetgan avtomobillar bahosi kamida 155 mln AQSh dollari ekanligini maʼlum qlishdi. Tahlilchilar esa avtomobillarga yetkazilgan zarar 334 mln AQSh dollaridan 401 mln AQSh dollarigacha boʻlgan deb hisoblashadi.
Manbalar
uz.wikipedia.org