FAXRIDDINOV MUHAMMADAMIN (1894 Toshkent — 1941) — o’zbek ma’rifatparvari, pedagog. Toshkentdagi madrasalardan biri va 2 bosqichli rus-tuzem maktabini tugatgan. 1913-17 yillarda Toshkentdagi rus-tuzem maktablaridan birida o’qituvchi. Oktabr to’ntarishi (1917)dan so’ng o’zbek maktablarida o’qituvchilik qilgan. Faxriddinov yangi usul maktablari uchun o’zbek tili darsligi (“Turkcha qoida”), Alifbe kitobi (“rahbari avval”), geografiyadan qo’llanma (“jug’rofiyai Riyoziy”)lar yozgan. “Turkcha qoida” (1913, Toshkent) o’zbek tilida birinchi marta yozilgan maktab darsligi bo’lib, boshlangich sinf o’quvchilari uchun muljallangan. Unda o’zbek tili grammatikasi, imlo va tinish belgilari haqida dastlabki nazariy ma’lumotlar, mashqlar berilgan. “Rahbari avval” (1917, Toshkent) usuli maddiya (harflarning nomiga unli tovushlar qo’shib, cho’zib bo’g’in hosil qilish)dagi birinchi rasmli o’zbek alifbesidir. Darslikda original matnlar bilan bir qatorda K.D.Ushinskiy, L.N.Tolstoy va boshqa rus pedagoglarining bolalarga muljallangan asarlari ham berilgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish