Fantom aʼzo




Fantom aʼzo  — kesilgan yoki yoʻqotilgan, ammo haligacha sezgisi saqlanib qolgandek tuyuladigan qoʻl yoki oyoq aʼzosi. Amputatsiyani boshdan kechirgan odamlarning taxminan 80-100 foizida kesilgan oyoq-qoʻllarini hali ham his qilib turgandek tuygʻu kuzatiladi. Biroq, ulardan juda kam foizdagi odamlar kesilgan aʼzolarda hayoliy ogʻriqni boshdan kechiradi. Bu hislar amputatsiyalanganlarda nisbatan tez-tez uchraydi va odatda davolanishsiz ikki-uch yil ichida yoʻqoladi. Tadqiqotlar fantom aʼzo ogʻrigʻining (PLP) asosiy mexanizmlarini va samarali davolash usullarini oʻrganishda davom etmoqda.

Belgilar va simptomlar



Koʻpchilik (80 % dan 100 % gacha) amputatsiya qilingan bemorlar fantom aʼzo hissini boshdan kechiradi, ularning baʼzilarida bu his ogʻriqqa aloqador boʻlmaydi. Amputatsiya qilingan odam fantom aʼzo hali ham tananing bir qismi ekanligini juda kuchli his qilishi mumkin.

Odamlar baʼzida aslida yoʻq boʻlgan qoʻllari bilan imo-ishora qilayotgandek his qilishadi, qoʻllari/oyoqlari qichishayotgandek boʻladi yoki hatto narsalarni olishga harakat qilishadi. Ular qoʻllari yoki oyoqlarini butunlay yoʻq deb emas, balki kaltalashib qolgan deb oʻylashadi. Baʼzida ogʻriq stress, tahlika va ob-havo oʻzgarishi sababli kuchayishi mumkin. Ekstremal ob-havo sharoitlari, ayniqsa muzlashdan past haroratlar sezuvchanlikning oshishiga olib kelishi mumkin. Fantom aʼzo ogʻrigʻi odatda vaqti-vaqti bilan boʻladi, lekin baʼzi hollarda doimiy ham boʻlishi mumkin. Hurujlar chastotasi va intensivligi odatda vaqt oʻtishi bilan kamayadi.

Fantom aʼzolardagi repressiv xotiralar amputatsiyadan keyingi hislarning sababi boʻlishi mumkin. Xususan, bir nechta bemorlar kesilgan qoʻllarining kaftida tirnoqlar botib turgandek ogʻriqni his qilishayotganini aytishgan. Yoʻqotilgan oyoq-qoʻl tufayli motorika kuchayib ketadi, shuning uchun bemorda motorik maʼlumotlar koʻpayishi oqibatida ogʻriq hissi sezilayotgandek boʻlishi mumkin. Bemorda qoʻlni musht qilib siqish boʻyicha avvalgi motorika buyruqlari va musht ichida tirnoqlarini kaftiga botirish haqidagi sensorli maʼlumotlarning repressiv xotiralari mavjud boʻlib, bu xotiralar miyadagi oldingi neyron aloqalar tufayli saqlanib qoladi.


Fantom aʼzo sindromi



"Fantom aʻzo" atamasi 1871-yilda shifokor Silas Weir Mitchell tomonidan kiritilgan. Koʻp yillar davomida fantom aʼzo paydo boʻlishining asosiy gipotezasi amputatsiya joyida periferik asab tiziminida yuzaga kelganligi edi (neyroma). 1980-yillarning oxiriga kelib, Ronald Melzack bu gipoteza xato ekanligini eʼtirof etdi, chunki oyoq-qoʻllarisiz tugʻilgan koʻplab odamlarda ham fantom aʼzo hissi yuzaga kelgan. Melzackning soʻzlariga koʻra, tanadagi bu hissiyot oʻzaro bogʻlangan nerv tuzilmalarining keng tarmogʻi tomonidan yaratilgan boʻlib, u buni „neyromatritsa“ deb atagan.

National Institutes of Health da (Milliy Sogʻliqni saqlash instituti, NIH) Pons va uning hamkasblari (1991) makaka maymunlarida birlamchi somatosensor korteks hissiy maʼlumotlar yoʻqolganidan keyin sezilarli darajada qayta tashkil etilishini koʻrsatdi..

Bu natijalar haqida eshitgan Vilayanur S. Ramachandran odamlarda fantom aʼzo hissiyotlari inson miyasining somatosensor korteksida qayta tashkil etilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. Ramachandran va uning hamkasblari ushbu farazni yuzning turli qismlarini silash yetishmayotgan aʼzoning turli qismlariga teginish hissi paydo boʻlishiga olib kelishini koʻrsatib berdilar. Keyinchalik amputatsiyalanganlarning miyasini skanerlash Pons maymunlarda kuzatgan kortikal qayta tashkil etilishini yana bir bor isbotladi.

Korteksdagi notoʻgʻri oʻzgarishlar fantom ogʻrigʻiga sabab boʻlishi mumkin, ammo hammasi ham bunga bogʻliq emas. Tamar Makin (Oksford) va Marshall Devor (Hebrew University, Quddus) kabi ogʻriqlar boʻyicha tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, fantom aʼzo ogʻrigʻi birinchi navbatda periferik asab tizimidagi „keraksiz“ maʼlumotlar natijasidir,

Fantom aʼzodagi ogʻriqning asosiy neyron mexanizmlari boʻyicha koʻplab tadqiqotlar oʻtkazilganiga qaramay, uning sabablari haqida hali ham aniq konsensus mavjud emas. Miya ham, periferik asab tizimi ham bu jarayonda ishtirok etishi mumkin.

Aniqroq mexanizmlar va tushuntirishlar boʻyicha tadqiqotlar davom etmoqda.

Nerv mexanizmlari



Ogʻriq, harorat, teginish va bosim maʼlumotlari markaziy asab tizimiga anterolateral tizim (spinotalamik yoʻllar, spinoretikulyar yoʻllar, spinomezensefalik yoʻllar) orqali yetkaziladi, ogʻriq va harorat maʼlumotlari lateral spinotalamik yoʻllar orqali birlamchi sezgi korteksiga uzatiladi. Parietal lobdagi postcentral girusda sensorli maʼlumotlar somatotropik tarzda ifodalanadi va sensorli homunculus hosil boʻladi.

Fantom aʼzo sindromida tananing ortiq mavjud boʻlmagan qismidan ogʻriqni koʻrsatadigan sensorik maʼlumot mavjud boʻladi. Ushbu hodisa hali ham toʻliq tushunilmagan, ammo bu somatosensor korteksning faollashuvidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi.

Davolash



Soʻnggi yigirma yil ichida davolanishga yondashuvlarning aksariyati simptomlarning izchil yaxshilanishini koʻrsatmadi. Davolash usullari antidepressantlar, orqa miya stimulyatsiyasi, vibratsiya terapiyasi, igna sanchib davolash, gipnoz va biofeedback kabilarni oʻz ichiga oladi. Ammo, qaysi davo chorasi boshqalardan koʻra samaraliroq ekanligi haqida ishonchli dalillar yoʻq.

Koʻpgina davolash usullari u qadar samarali emas. Ketamin yoki morfin operatsiya vaqtida foyda berishi mumkin. Morfin operatsiyadan keyin ham uzoq vaqt davomida foydali boʻlishi mumkin. Gabapentin haqida turlicha dalillar va fikrlar mavjud. Mahalliy anesteziyani taʼminlaydigan perinevral kateterlar jarrohlikdan soʻng fantom aʼzo ogʻrigʻining oldini olish uchun qoʻyilganda yaxshi samara bermagan.

Jamoatchilikka qiziqish uygʻotgan yondashuvlardan biri koʻzgu qutisidan foydalanishdir. Koʻzgu qutisi inson qoʻl yoki oyogʻini xuddi kesilmagandek koʻrishi va fantom aʼzosini goʻyo „harakatlantira olishini“ koʻrib, uni potentsial ogʻriqli pozitsiyalardan chiqarish imkonini beradi.

Koʻzgu terapiyasi V. S. Ramachandran tomonidan 1990-yillarning boshida davo chorasi sifatida kiritilgan boʻlsa-da, 2009-yilgacha u haqida kam tadqiqot olib borilgan va 2016-yilgi taqrizlarga koʻra, keyingi tadqiqotlarning aksariyati sifatsiz boʻlgan. Koʻzgu terapiyasi (MT) boʻyicha koʻplab hisobotlarning ilmiy sifatini ham tanqid qilgan 2018-yilgi taqriz 2012- va 2017-yillar oraligʻida oʻtkazilgan 15 ta sifatli tadqiqotni aniqladi (115 ta nashrdan) va „Koʻzgu terapiyasi fantom aʼzo ogʻrigʻini bartaraf etishda, kunlik ogʻriq epizodlarining intensivligi va davomiyligini kamaytirishda samara berishi mumkin, bu fantom ogʻrigʻi uchun toʻgʻri, oddiy va arzon davo chorasidir“ degan xulosaga keldi.

Boshqa fantom sezgilar



Fantom sezgilar, shuningdek, qoʻl-oyoqlardan tashqari boshqa aʼzolarni olib tashlangandan keyin ham paydo boʻlishi mumkin, masalan, koʻkrak amputatsiyasidan soʻng, tishni olib tashlashdan keyin (fantom tish ogʻrigʻi) yoki koʻz amputatsiyasi oʻtkazilgach (fantom koʻz sindromi).

Jinsni oʻzgartirish operatsiyasidan keyin baʼzi odamlar fantom genital aʼzo sezgisi haqida shikoyat qilishgan. Bunday shikoyatlar operatsiyadan keyingi transgender ayollar orasida kamroq tarqalgan, ammo transgender erkaklarda bu koʻproq sodir boʻlgan. Xuddi shunday, mastektomiyadan oʻtgan subyektlar fantom koʻkrak ogʻrigʻini boshdan kechirishgan; bu shikoyatlar operatsiyadan keyingi transgender erkaklar orasida ancha kam uchraydi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz