FAN-TEXNIKA INQILOBI



FAN-TEXNIKA INQILOBI, ilmiy-texnika inqilobi — ishlab chiqaruvchi kuchlarning tub sifat o’zgarishlarida fanning asosiy ishlab chiqarish omili bo’lishi. 20-asrning o’rtasida boshlangan. Fan-texnika inqilobi mehnatning mazmuni, xarakteri va sharoitini, ishlab chiqaruvchi kuchlar strukturasini, mehnat taqsimotini, jamiyatning professional strukturasini o’zgartiradi; mehnat unumdorligining o’sishiga olib keladi; jamiyat hayotining hamma tomonlariga, madaniymaishiy hayotga, inson psixologiyasiga ta’sir ko’rsatadi. Xodimlarning ma’lumot darajasi, malakasi, madaniyati, uyushqokligi va mas’uliyatiga katta talablar qo’yadi. Elektron hisoblash mashinalari Fan-texnika inqilobining ramzi hisoblanib, uning paydo bo’lishi inson funktsiyalarini asta-sekinlik bilan mashinalarga berishga, ishlab chiqarish va boshqaruvni kompleks avtomatlashtirishga olib keldi. Hozirgi davrda Fan-texnika inqilobi quyidagi xususiyatlari bilan ajralib turadi: fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishi; shu bilan bog’liq ravishda ijtimoiy mehnat taqsimotida yangi davrning boshlanishi; mehnatning xarakteri va mazmunida ijodiy elementlarning kuchayishi; yangi energiya manbalari yordamida sun’iy materiallarning yaratilishi; axborotning ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi ahamiyatining kuchayishi, ommaviy kommunikasiya vositalarining misli ko’rilmagan taraqqiyoti; umumiy va maxsus ta’lim hamda madaniyat darajasining o’sishi; fanlararo o’zaro bog’liq murakkab muammolarni kompleks hal qilish, ijtimoiy fanlar rolining ortishi; ijtimoiy taraqqiyotning keskin tezlashishi, planeta miqyosida integrasiyalashuv; ekologik muammoning paydo bo’lishi va u bilan bog’liq xrlda jamiyat tabiat tizimini ilmiy boshqarishning zarurligi. Fan-texnika inqilobi global muammoga aylangan ayrim salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqardi. Bu muammolar (ekologiya, xalqaro terrorizm, demografiya, energiya tanqisligi bilan bog’liq va boshqalar)ni hal qilish uchun kuchlarni birlashtirish taqozo qilinadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz