Falsafiy teologiya
Falsafiy teologiya - “tabiiy teologiya”, “diniy falsafa”, “diniy metafizika”, “ratsional teologiya” kabi nomlar bilan ham ataladi. Falsafiy teologiyaning asosiy vazifasi borliqning diniy-falsafiy asoslari va undan kelib chiqadigan ixtiyor erkinligi, tasodifiylik va zaruriylik, Xudoning sifatlari bahsi kabi masalalar hisoblanadi. Umuman olganda, falsafiy teologiya Xudoning barcha sifatlari bilan birga mavjudligini falsafiy jihatdan asoslashga urinadi. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun birinchidan, xudoning mavjudligini isbotlab berish, ikkinchidan, imkon qadar Xudoning tabiatini aniqlash va uchinchidan, Xudo - olam va Xudo - inson munosabatlarini ochib berish masalalarini hal qilish lozim bo‘ladi. Insoniyat yaralibdi-ki, doimo borliqning ilohiy yaratuvchisi - Xudo haqida ko‘proq bilishga, unga yaqinlashishga urinadi. Mavjud barcha dinlarda, oz yoki ko‘p miqdorda, Xudo haqidagi ta’limotning mavjudligi, mazkur mavzudagi bahslar antik davrdan to bugungi kunga qadar faylasuflarning asosiy mavzularidan biri ekani yuqoridagi fikrlarimizga isbot bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur masalalarni hal qilishga urinishlar natijasida falsafiy teologiya tez suratlarda rivojlandi, uning bahs mavzulari ko‘paydi. Oqibatda, bu bir necha falsafiy teologik maktablarning shakllanishiga olib keldi. Mazkur oqimlardan eng yiriklari sifatida teizm, deizm, panteizm, panenteizm kabi oqimlarni sanash mumkin. Falsafiy-teologik qarashlar rivojida P.Xeynrix, J.Makkuori, R.Sheffler, A.Uaytxed kabi olimlarning konsepsiyalari muhim o‘rin tutadi. Jumladan, Xeynrix Petri fikriga ko‘ra “Xudoning mavjudligini ongli ravishda va falsafiy mushohadaga tayangan xolda isbotlashga urinish, ateizm va radikal agnostisizmga qarshi kurash in’iqosi edi”. Xeynrix, falsafiy teologiya vositasida teologlar o‘z muqaddas manbalarining ilohiyligini isbotlashga harakat qilganini ta’kidlaydi. Aks holda, falsafiy qarashlarning natijasi o‘laroq kelib chiqqan ateizm va agnostisizm dinlar va ularning manbalarining avtoritetiga putur yetkazishi mumkin edi. O‘tgan asrning taniqli faylasuf va matematiklaridan bo‘lgan Alfred Nort Uaytxed (1861—1947) o‘z konsepsiyasini olg‘a surar ekan, asosiy urg‘uni metafizikaga beradi. O‘z falsafiy ta’limotini “spekulyativ falsafa” yohud “organisizm falsafasi” deb nomlagan faylasuf, narsalarning ruh va materiya kabi ikki unsurdan iboratligini inkor etadi. Bunga qarshi o‘laroq, dunyo tashkil topadigan asosiy unsurlar sifatida “aktual mavjudlik”ni olg‘a suradi. Uaytxed ta’limotiga ko‘ra barcha “aktual mavjudlik”lar bipolyar bo‘lib, ular ham jismoniy ham ruhiy qutblarga ega bo‘ladi. Xudo ham “aktual mavjudlik” sifatida qabul qilinib, uning ruhiy (konseptual) qutbi o‘zgarmas bo‘lib, bu uning “azaliy tabiat”i hisoblanadi, barcha ideallar va imkoniyatlar manbaidir. Xudoning ikkinchi qutbi bo‘lgan jismoniylikni u “kasb qilib olingan tabiat” deb ataydi. Mazkur tabiat orqali Xudo “ijod” qiladi, yaratuvchilik ishlarini amalga oshiradi. “Kasb qilib olingan tabiat” cheklangan bo‘lib, tajriba ortib borgani sari rivojlanib boradi, ammo, oxir oqibat birinchi tabiat (“azaliy tabiat”)ga qo‘shiladi. Uaytxedning mazkur fikrlari, islom dini tarixidagi ilk aqidaviy yo’nalishlardan bo‘lgan “moʻtazila” ta’limotiga juda yaqinligini alohida qayd etish lozim. Aynan moʻtaziliylar Alloh taolo sifatlarining azaliyligini inkor etgan xolda, ularni maxluq ya’ni yaratilgan deb hisoblashgan. Jumladan, ular Alloh yaratishni boshlamasidan oldin u “al-Xoliq” (yaratuvchi), jonzotlarni rizqlantirishidan oldin “ar-Razzoq” (rizqlantiruvchi) bo‘lmagan degan g‘oyani ilgari surganlar. Ayni damda, mazkur ta’limot ham Sunniylik ham Shi’alik ulamolari tomonidan qoralangan. Taniqli faylasuf Richard Sheffler o‘z falsafiy qarashlarida transsendental falsafiy teologiyaga ko‘proq urg‘u berganini kuzatishimiz mumkin. Jumladan, Sheffler transsendental falsafaga to‘xtalar ekan, “bu tajribaning shakllanishiga mas’ul bo‘lgan savollar va dalillarni olg‘a surishning falsafiy metodidir” deydi. Sheffler konsepsiyasining o‘zagi sifatida, insonning transsendentalligini “tasodifiy fakt” sifatida qabul qilish lozimligi turadi. U olamning predmetliligidan kelib chiqish mumkin emas, chunki predmetlilikning o‘zi transsendentlik orqaligina voqe’ bo‘lishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda empirik tajriba predmetlari insonning transsendentligi omili sifatida namoyon bo‘la olmaydi. Inson transsendentligining asosiy manbasi faqat Xudo bo‘lishi mumkin, deydi faylasuf. Taniqli shotland faylasufi va teologi Djon Makkuorri (1919) ham o‘z ijodida xudo haqidagi konsepsiyani ishlab chiqishga salmoqli o‘rin beradi. Avval Shotlandiya, so‘ng Anglikan cherkovlarida turli diniy lavozimlarda ishlagan Makkuori, Xudoni “Mavjud” deb atash lozimligini ta’kidlaydi. “Yigirmanchi asr diniy tafakkuri”, “Xristian falsafasi tamoyillari”, “Egzistensional teologiya”, “Demifologizasiya chegaralari” kitoblari muallifi bo‘lgan faylasuf o‘z konsepsiyasini yaratishda nemis faylasuflari Rudolf Bultman va Martin Xaydeggerlar g‘oyalariga murojaat qilgan. Makkuorri Xudo boshqa mavjudotlar orasida ustunroq emas, balki u qolganlardan yuqorida bo‘lishi kerak deb hisoblagan. “Xudo biz “bo‘lmoq” fe’lini ifodalash uchun ishlatadigan qudrat nomidir, uning kuchi mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarda bor”, deya ta’kidlaydi Makkuorri o‘zining “Xristian falsafasi tamoyillari” asarida. Shuningdek, olim “Mavjud” bo‘lgan zot Xudo bo‘lishi uchun albatta mehribonlik sifatiga ega bo‘lishi lozim deydi. O‘tgan asrning yana bir taniqli falsafiy-teologiya namoyondalaridan biri Charlz Xartsxorn o‘z konsepsiyasini “neoklassik teizm” deb ataydi. Xartsxorn tasavvuridagi Xudo obrazi klassik falsafiy-teologik qarashlardan farq qilgan xolda ham borliq usti (g‘ayritabiiy) xususiyatlarga ham borlikda mavjud bo‘lgan - yaratilgan narsalarning xususiyatiga ega. Aniqroq ifodalaganda, Xudo bir-biriga zid bo‘lgan sifatlardan tashkil topgan. Jumladan, u “Xudo ham transsendental ham immanent, absolyut va nisbiy, zaruriy va tasodifiy, o‘zgarmas va o‘zgaruvchandir”, deydi. Shu orqali Xartsxornning konsepsiyasi “di-polyar teizm” deb ham ataladi.Xartsxorn o‘z ta’limotidagi Xudoni samoviy jarayonlar orqali ifodalashga harakat qiladi. Chunki, Xartsxorn tushunchasidagi samoviy jarayonlar intihosiz, o‘zgaruvchan, jo‘shqin, doimo yangilanib turuvchi bo‘lib, bu Xudoning xususiyatlariga o’xshab ketadi. Mazkur jarayonlar orasidagi bog’liqlikni u bir tana va uning a’zolarga o‘xshatadi va ularni “Xudoning tanasi” deb ataydi. Mazkur qarashlar Aleksanderning “emerjent evolyusiya”si va Uaytxedning “kosmik organisizm”i bilan bir qator umumiy nuqtalarga egadir.
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org