FADAK
Fadak — Shimoliy Hijozdagi dehqonchilik vohasi. Madinadan 2-3 kunlik yo‘lda, Xaybar
yaqinida joylashgan. Hozirda mavjud emas. Fadak aholisini yahudiylar tashkil etib, ular
g‘alla va xurmo yetishtirish bilan shug‘ullanganlar. Islomning ilk davrida voha taslim
bo‘lish haqida musulmonlar bilan tuzilgan bitimga ko‘ra shuhrat qozongan. Bitimda
Muhammad (s.a.v) Fadak yerlaridan olinadigan daromad haqidagi masalani yechib berganlar.
627-yilda Muhammad (s.a.v) Fadak aholisi Xaybarga harbiy yordam berishini taklif etganidan
xabar topib, u yerga Ali (kv) boshchiligida kichik qo‘shin yuborganlar. Bu yurish oddiy
chopqun tusida bo‘lgan. Kelasi yili, musulmonlar Xaybarni egallagach, Fadak yahudiylari
Muhammad (s.a.v) elchilari Muxayyisha ibn Mas’ud al-Ansoriy bilan muzokara olib
borishgan. Butun mol-mulklari evaziga vohani tashlab ketishga ruxsat so‘rashgan. Lekin
Muhammad (s.a.v) bilan tuzilgan sulh bitimiga ko‘ra, ular Fadakda qolishgan, vohadagi
yerlarning yarmi ularning xususiy mulki ekanligi eʼtirof etilgan, qolgan yarmidan
keladigan daromad Muhammad (s.a.v) va u zotning xonadoniga topshiriladigan bo‘lgan.
Rasululloh (s.a.v) bu daromadlarni jamoat ehtiyojlari uchun (yetim-yesirlar, sayyohlar,
kambag‘allar, jumladan, hoshimiylar urug‘ining eng kambag‘al qatlamini taʼminlashga)
sarflashga buyruq berdilar, shu bilan birga zaruriyat tug‘ilsa ularni o‘zlariga, oilalariga va
qarindosh-urug‘lariga sarflayajaklarini bildirdilar.
Muhammad (s.a.v) vafotlaridan so‘ng, qizlari Fotima Fadakdan (shu bilan birga Xaybar
vohasidan) olinadigan daromadga ega merosxo‘r sifatida chiqqan. Xalifa Abu Bakr (r.a)
unga Rasululloh (s.a.v)ning „Mening merosxo‘rlarim yo‘q va mendan keyin qoladigan
barcha narsalar zakot kabi xayrli maqsadlarga mo‘ljallangan jamoa mulki (sadaqa) bo‘lib
qoladi“,-degan hadislarini aytib eʼtiroz bildirgan.
Garchi Fotima daʼvosi rad etilgan bo‘lsa-da, Fadak maqomi haqidagi janjal ikki yuz yildan
oshiq davom etgan. Shialar fikricha, Fadak yerlari Rasululloh (s.a.v) xonadonining merosiy
xususiy mulkidir. Siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Alaviylarning daʼvosi goh eʼtirof
qilingan, goh oliy hokimiyat tomonidan rad etilgan.
Fadak uchun uzoq davom etgan kurash shundan dalolat beradiki, ilk islom davrida mulkning
ikki xil shakli — xususiy va jamoa mulklari o‘rtasida aniq farq bo‘lgan, mulkdorlar tegishli
huquq va majburiyatlarga ega edilar.
Adabiyotlar
ISLOM ENSIKLOPEDIYASI"Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi"
Davlat ilmiy nashriyoti, 2004
uz.wikipedia.org