Evkalipt




Mirtadoshlarga mansub doim yashil daraxt yoki butalar turkumi; dorivor o‘simlik. Avstraliya va uning atrofidagi orollarda 500 dan ortiq turi tarqalgan. Tropik va subtropiklarda ko‘p ekiladi (mas, Braziliyada E. ekilgan maydonlar Avstraliya, Ispaniya, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari va boshqalardagidan ko‘proq). G‘arbiy Gruziya, Qrim va Ozarbayjonda E.ning sharsimon, kulrang va xivchinsimon turlari o‘stiriladi. Tanasi baquvvat, bal. 80—100 m gacha, shoxshabbasi siyrak. Barglari etli, chekkalari tekis. Gullari oq, ba’zan ochsarg‘ish va to‘qqizil, ikki jinsli, barg qo‘ltig‘idan chiqib qalqon yoki ro‘vaksimon to‘pgul hosil qiladi, mevasi ko‘p urug‘li ko‘sakcha. E. issiqsevar va namsevar o‘simlik. Unumdor yerlarda yaxshi o‘sadi. 500 yilgacha yashaydi. Barglari yoz davomida teriladi, lekin kuzda terilgan bargi tarkibida tibbiyotda va parfyumeriyada ishlatiladigan efir moyi ko‘p. Quruq bargi tarkibidagi efir moyi mikdori 1,5—3%. E.ning boshqa 20 ga yaqin turi manzarali o‘simlik sifatida hamda yog‘ochi (qurilish va qog‘oz sanoati) uchun o‘stiriladi. E. tez o‘suvchan bo‘lgani tufayli (bir yidda 4—5 m o‘sadi) botqoq yerlarda ekilganda botqoqlarni quritib, tuproq tarkibini yaxshilashda muhim rol o‘ynaydi. Urug‘idan ko‘paytiriladi.

Manba: O'zME

Mirtadoshlarga mansub doim yashil daraxt yoki butalar turkumi

Uzpedia.uz