Esseylar
Esseylar -Yahudiylikda yuzaga kelgan uchinchi yo‘nalish sifatida essaniylar (rus manbalarida “yessei” tarzida qayd qilinadi)ni keltirish mumkin. Tadqiqotchilar mazkur so‘z ivrit tilida “taqvodor”, “dindor”; oromiy tilida “davolamoq”, “muolaja qilmoq” kabi ma’nolarni anglatadi, deb ta’kidlaydilar. Ba’zi manbalarda “essaniy” so‘zining kelib chiqishini somiy tilidagi “hasid” - “dindor, xudojo‘y” so‘zidan kelib chiqqani ham keltiriladi. Biroq aksar tadqiqotchilar ushbu atama oromiy tilidagi “as-say ya” - “tabiblar” so‘zidan kelib chiqqan, degan xulosaga kelganlar.
Essaniylar tarafdorlarining soni ko‘p bo‘lmagan. Iskandariyalik Filonning qayd qilishicha, uning zamonida (I asrning birinchi yarmi) taxminan to‘rt mingga yaqin essaniylar bo‘lgan.
Odatda essaniylar faqat erkaklardan iborat jamoa holida alohida yashar edilar. Ularda ayollarga nikohlanish ta’qiqlangan edi. Vaholanki, nikohlanmaslik boshqa yahudiy jamoalari nazdida katta gunoh sanalib, uning gunohi qotillik bilan tenglashtirilgan. Shunday bo‘lsada, ba’zi essaniylarning o‘zlaridan nasl qoldirish maqsadida uylanganlari ham qayd etiladi.
Essaniylarda Tavrotda kelgan diniy marosimlarga tegishli bo‘lgan ko‘rsatmalarga katta ahamiyat qaratilgan. Jamoa a’zolari odatda jismoniy mehnat, asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bo‘lgan. Misrlik olim Ali Abdul Vofiy fikriga ko‘ra: “Jamoa a’zolari insonni baxil bo‘lish, mol-davlatga hirs qo’yishiga sabab bo‘luvchi tijorat bilan shug‘ullanishni harom hisoblaganlar. Shuningdek, insoniyat doim tinchlik, xotirjamlikda yashashiga rahna soluvchi turli xil qurol aslahalarni ishlab chiqarishni ham man qilganlar. Yana ular oltin, kumush singari qimmatbaho taqinchoqlar savdosi va uni taqib yurishdan ham qaytarganlar”. Demak, ular asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar.
Ishdan bo‘sh vaqtlarda essaniylar muqaddas kitoblarni o‘rganishga e’tibor qaratganlar. Jamoaga biror yangi a’zo qabul qilingudek bo‘lsa, u dastlab, uch yillik sinov muddatidan o‘tishi kerak bo‘lgan. Sinov muddatidan o‘tgan kishi taqvodor, adolatli bo‘lish, yomonlik qilmaslik, adashganlarni yomon ko‘rish, to‘g‘ri yo‘ldagilarni qo‘llab quvvatlash, hukumatga nisbatan sodiq bo‘lish (har qanday hokimyat Xudodan kelib chiqadi, deb e’tiqod qilingani sababli), haqiqatni yaxshi ko‘rib, yolg‘ondan nafratlanish, o‘g‘irlik qilmaslik, birodarlaridan sir saqlamaslik hamda o‘lim xavf solib turgan taqdirda ham birodarini sotmaslik kabi bir qancha masalalarda qasamyod qabul qilgan.
Manbalar
Adabiyotlar
uz.wikipedia.org