Ervin Umerov




Ervin Osmanovich Umerov (1938-yil 1-may, Qrim ASSR, Yana-Sala qishlogʻi — 2007-yil 24-fevral, Moskva) — qrim-tatar yozuvchisi, jurnalist, tarjimon.

Tarjimai hol



Ervin 1938-yil 1-may sanasida Qrimda xizmatchi (oʻqituvchi) oilasida tugʻilgan. 1944-yilda oilasi repressiyaga uchragach, ota-onasi bilan birga Oʻrta Osiyoga, Oltiariq tumani (Oʻzbekiston SSR, Fargʻona viloyati) Palasan qishlogʻiga surgun qilingan. Yosh Ervin Oltiariq viloyati markazida Palasandan olti kilometr uzoqlikda A.S.Pushkin nomidagi 1-sonli oʻrta maktabda ta’lim olib, uni 1957-yilda tamomlagan. Vaqt oʻtishi bilan neftni qayta ishlash zavodida chilangar, soʻng viloyat statistika boshqarmasida inspektor boʻlib ishlagan.

1960-yilda doʻsti Emil Amit bilan birga Moskvadagi A.M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutiga oʻqishga kirdi. Shundan keyin 5 yil davomida “Lenin bayrogʻi” (Toshkent – Oʻzbekiston Kompartiyasi MK organi, qrim-tatar tilida nashr etiladigan) gazetasida adabiy xodim boʻlib ishladi. Butunittifoq radiosi adabiy eshittirish bosh tahririyati SSSR xalqlari adabiyoti boʻlimi muharriri, keyinchalik 1976-yildan nafaqaga chiqqunga qadar “Bolalar adabiyoti” nashriyotining SSSR xalqlari adabiyoti boʻlimi katta muharriri lavozimlarida ishlab keldi.

Umerov 1966-yildan SSSR Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, 1978-yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi edi.

Umerovning qizi Edina ssenariychi va rejissor.

Jurnalist 1980-yillarning oxirida Qrimga koʻchib oʻtdi. 1993-yildan buyon Simferopolda yashagan, uy-joy olish uchun navbatda turgan. Umerov 2007-yil 24-fevralda ogʻir xastalikdan keyin Moskvada vafot etdi va Qrimda dafn qilindi.

Ijodiy faoliyati



U ijodini jurnalistika sohasidan boshlagan: Fargʻona viloyat gazetalarida qishloq muxbiri sifatida faoliyat yuritgan. 1959-yili Oʻzbekiston SSR badiiy adabiyoti nashriyoti tomonidan Moskvada oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston san’ati va adabiyoti dekadasida nashr etilgan Qrim-tatar adiblarining “Umrimiz kunlari” toʻplamida uning hikoyasi chiqqan.

Yozuvchi oʻzining deportasiyaga munosabatini “Yolgʻizlik”, “Qora poyezd”, “Ijozat” (1960-yillar oxirida yozilgan) hikoyalarida ifodalagan, mazmun jihatdan oʻsha paytlarda chop etilishi mumkin boʻlmagan va qoʻlda yozilgan „Yolgʻizlik“ hikoyasi alohida e’tirofga loyiq deb topilgan.

Ervin 40 yildan ortiq adabiy faoliyati davomida u SSSR respublikalari turkiyzabon yozuvchilarining 50 dan ortiq kitoblarida - mualliflik va rus tiliga tarjima qilingan asarlarini nashr etgan.

Umerov 2002-yilda Moskvadagi „Tekst“ nashriyoti Soros jamgʻarmasi koʻmagida deportasiya mavzusiga bagʻishlangan va hujjatli hikoyalarni oʻz ichiga olgan „Qora poyezd“ toʻplamini chop etdi.

Eslatmalar




Adabiyotlar




Havolalar




uz.wikipedia.org

TELEGRAM XIZMATLAR

Kanal va guruhlar uchun o'zbek obunachilar

Kanalga o'tish


Uzpedia.uz