ENDOTELIY



ENDOTELIY (Endo… va Yunoncha — so’rg’ich) — hayvonlarda bir qator bo’lib joylashgan yassi hujayralar qavati. Qon va limfa tomirlari, yurak va tana bo’shlig’ining ichki yuzasini qoplab turadi. Endoteliy uning ostida joylashgan to’qimalardan bazal membrana orqali ajralgan. Muskul, o’pka, Markaziy nerv sistemasi kapillyarlari devoridagi uzluksiz Endoteliy hujayraning yuqori darajada tanlab o’tkazish xususiyatini ta’minlaydi. Bir qancha organlar (masalan, buyrak chigali naylari, ichak vorsinkalari, endokrin bezlar) kapillyarlari Endoteliysi hujayralari tsitoplazmasida yupqalashgan qismlar (fenestrlar) bo’lishi kapillyarlar devori orqali muayyan moddalar o’tishini tezlashtirishi mumkin. Uzlukli Endoteliy qon hosil qiluvchi, jigar, buyrak usti bezi va boshqalar organlarning kengaygan kapillyarlari (sinusoidlari) uchun xos; ular orqali yirik molekulalar, har xil zarrachalar, hatto hujayralar o’tkaziladi. Bu hujayralar fagositoz xususiyatiga ega bo’lib, retikulyar endoteliy sistemasiga kiradi. Endoteliy mitotik faol bo’lishi tufayli qon va limfa tomirlari tiklanadi. O’simliklarda Endoteliy — urug’ kurtakning ichki integumenti bo’lib, murtak xaltasini o’rab turadi; nusellius urug’langandan so’ng uning o’rnini Endoteliy egallaydi. Endoteliy bir po’stli urug’kurtaklar, shuningdek, gulining tojbarglari qo’shilib o’sadigan ko’pchilik o’simliklar uchun xos.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj
Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish

Uzpedia.uz