Endotelin




Endotelin tananing bir qancha qismida joylashgan retseptorlarga taʼsir koʻrsatuvchi peptid tabiatli aktiv modda. Endotelin qon tomirlarini toraytiradi va qon bosimini oshiradi.  Endotelinlar odatda bir qancha mexanizmlar yordamida muvozanatda saqlanadi, ammo haddan tashqari koʻpayib ketadigan boʻlsa, yuqori qon bosimi (gipertenziya), yurak kasalliklari va boshqa kasalliklarga sababchi boʻladi. Endotelinlar 21 aminokislotadan iborat vazokonstriktor peptidlari boʻlib, asosan endoteliy hujayralarida hosil boʻladi va qon tomir gomeostazida muhim modda hisoblanadi. Endotelinlar yurak, oʻpka, buyraklar va miyani qon bilan taʼminlovchi qon tomirlar kasalliklariga sababchi boʻlishi mumkin. 2018-yildan boshlab, endotelinlarning bir nechta organlar tizimidagi vazifalarini aniqlash uchun keng qamrovli ilmiy va klinik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Etimologiya



Endotelinlar nomi olishiga sabab: ularning qon tomirlardagi endotelial hujayralardan sintezlangani hisoblanadi.

Izoformalari



Peptidning uchta izoformasi mavjud (ET-1, -2, -3 sifatida aniqlanadi), ularning har biri alohida gen tomonidan kodlangan, turli xil ekspression qismlari mavjud hamda kamida toʻrtta endotelin retseptorlari - ETA, ETB1, ETB2 va ETC bilan bogʻlanadi. Endotelin-1 (ET-1), endotelin-2 (ET-2) va endotelin-3 (ET-3) uchun inson genlari mos ravishda 6, 1 va 20-xromosomalarda joylashgan.


Taʼsir mexanizmi va funksiyasi



Endotelin G oqsili bilan bogʻlangan retseptorlar: endotelinA va endotelinB retseptorlarini faollashtirish orqali ishlaydi (mos ravishda ETA va ETB). Endotelin retseptorlarining bu ikki kichik turi laboratoriyada uchta endotelin peptidiga sezuvchanlik tartibi bilan ajralib turadi: ETA retseptorlari ET-1 uchun selektiv, ETB retseptorlari esa barcha uchta ET peptidlari uchun bir xil sezuvchanlikka ega. Ikki turdagi ET retseptorlari turli hujayralar va organlar boʻylab taqsimlanadi, lekin turli darajadagi faollikka ega. Endotelin-1 organlar tizimida qon tomir tonusiga ta'sir qiluvchi eng kuchli endogen kimyoviy moddadir. Qon tomir endoteliyasidan endotelin-1 ning sekretsiyasi vazokonstriksiyaga sabab boʻladi va mahalliy hujayra oʻsishi va yashashiga taʻsir qiladi.  ET-1 ateroskleroz va gipertoniya kabi bir qancha yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanishida ishtirok etadi. Endotelin, shuningdek, mitogenez, hujayraning omon qolishi, angiogenez, suyak oʻsishi, nositseptor funksiyasi va saraton paydo boʻlish mexanizmlarida rol oʻynaydi. Klinik jihatdan oʻpka arterial gipertenziyasini davolash uchun anti-ET preparatlari qoʻllaniladi.

Klinik ahamiyati



Endotelin peptidlari va retseptorlarining hamma joyda tarqalishi turli organ tizimlari orasida turli xil fiziologik va patologik jarayonlarda ishtirok etishini koʻrsatadi. Endotelin disregulyatsiyasi natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan koʻplab kasalliklar orasida:

saratonning bir necha turlari

subaraxnoidal gemorragiyadan keyin miya vazospazmi

arterial gipertenziya, oʻpka gipertenziyasi va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari

ogrriq kelib chiqishida

yurak gipertrofiyasi va yurak yetishmovchiligi

gemorragik isitmasi

II turdagi diabet

Girshprung kasalligi

Dastlabki tadqiqotlarda endotelin-1 ning lateral miya qorinchasiga kiritilishi miyaning glyukoza almashinuvini kuchli ragʻbatlantirishi va epilepsiya kabi sharoitlarda uning turli nerv taʼsirlari uchun potentsialini koʻrsatuvchi konvulsiyalarni keltirib chiqarishi koʻrsatilgan. Miya neyronlarida endotelin-1 retseptorlari mavjud boʻlib, bu nerv funktsiyalarida potentsial rolni koʻrsatadi.

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz