Elbarsxon




Elbarsxon (1456—1518) — Xorazmdagi shayboniylar sulolasi asoschisi (1511—1516). Burka Sultonning oʻgʻli. Eronlik bosqinchilarga qarshi kurash olib borayotgan Vazir shahri aholisi tomonidan Dashti Qipchoqdan taklif etilib taxtga oʻtkazilgan. Elbarsxon Dashti Qipchoqdan chaqirtirilgan qarindosh urugʻlarining harbiy lashkarlari yordamida Urganch, Xiva, Hazorasp va Katdan eroniy qoʻshinlarni quvib chiqargan. Bolxon va Mangʻishloqdagi turkman qabilalarini tobe etgan. Elbarsxon davlati bir necha qismga taqsimlanib, ularning tepasida oʻzaro nizoda boʻlgan xon qarindoshlari turgan.

Biografiyasi



Oʻzbek ulusi hukmdori Yodgorxonning toʻrt oʻgʻli boʻlib, ulardan biri Elbarsxonning otasi Burka Sulton edi. Elbarsxonning bitta ukasi bor boʻlib, ismi Bilbars, xalq orasida esa Biligich nomi bilan mashhur edi. Xiva xoni va tarixchi Abulgʻozixon ular haqida shunday yozgan:

Burka Sultondan keyin ikki oʻgʻil qolgan: toʻngʻichi Elbars ismli, kichigi Bilbars... Har ikki oʻgʻil ham balogʻat yoshiga yetgan, jonli, ajoyib jangchi edi; ular otalarining yurtida yashagan. Shohbaxton — Xudoning rahmati boʻlsin! — Movarounnahrni egallab oldi va shundan soʻng ularning mulklari tortib olindi. Bu mulkka faqat Yodgorxonning oʻgʻillari egalik qilib qolgan[2].

Madaniyat



Elbarsxon „haqiqiy moʻmin va oʻta taqvodor“ hukmdor edi[5]. Oʻtamish hoji Elbarsxonning xizmatida saroy tarixchisi sifatida faoliyatini boshlagan. Oʻtamish hoji Mavlono Muhammad Doʻst oʻgʻli (XVI asr) tarixchi, 1550-yilda yozilgan „Tarixi Doʻst-Sulton“ (Doʻst-Sulton tarixi) risolasining muallifi hisoblanadi. U Elbarsxonga xizmat qilib kelayotgan nufuzli oiladan chiqqan. Oʻtamish hojining ajdodlari ham Yodgorxonga xizmat qilgan.

Arabshohiylar sulolasining Xorazmdagi hukmronligi Dashti Qipchoq choʻllaridan koʻchmanchi aholining katta qismining Xorazmga kirib kelishi va asta-sekin oʻrnashib ketishi jarayonini kuchaytirdi, shuningdek, koʻchmanchilik anʼanalarning turli siyosiy va ijtimoiy jarayonlarga kirib kelishiga xizmat qildi.

Oilasi



Elbarsxonning 8 nafar oʻgʻli boʻlib, ulardan faqat ikkitasining ismi maʼlum: Sulton Gʻoziy va Muhammad Gʻoziy. U oʻgʻillarining ismlariga Gʻoziy taxallusini qoʻygan boʻlsa, ukasi Biligich Sulton oʻgʻillarining ismlariga Hoji taxallusini qoʻygan. Tarixiy adabiyotlarda aytilishicha, Gʻoziy unvoni Elbarsxonning taxtini Qizilboshlar hukmronligidan tortib olgan Vazir qalʼasi aholisi tomonidan shu jang xotirasiga atalib, turli nomlarga qoʻshila boshlangan.

Vafoti



1518-yilda Elbarsxon vafot etdi va hokimiyat tepasiga Sulton Hojixon keldi. Amudaryoning har ikki sohilidagi shaharlarga tutash yerlarni xon oilasi shaxslari boshqargan. Ularning burchi xon chaqiruvi boʻyicha harbiy xizmatni oʻtashdan iborat boʻlib, buning evaziga oʻz qoʻl ostidagi yerlardan olinadigan toʻlovlar xazinaga emas, balki oʻz mulkiga tushar edi. Bunday siyosat bir markazga birlashuvning kuchsizlanishiga olib keldi va Elbarsxonning vafotidan soʻng, hukmron sulolaning alohida tarmoqlari oʻrtasida hokimiyat uchun sulolaviy kurash avj olganida oʻziga xos tarzda namoyon boʻla boshladi.

Manbalar




Adabiyotlar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz