EHTIYOTSIZLIK



EHTIYOTSIZLIK — ayb shakllaridan biri. Qilmish o’z-o’ziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksida ana shu har 2 holatda sodir etilgan jinoyat quyidagicha ta’riflanadi: “Agar jinoyatni sodir etgan shaxs o’z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko’zi eta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qilgan bo’lsa, bunday jinoyat o’z-o’ziga ishonish oqibatida sodir etilgan deb topiladi. Agar jinoyat sodir etgan shaxs o’z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko’zi etmasada, lekin ko’zi etishi lozim va mumkin bo’lsa, bunday jinoyat beparvolik orqasida sodir etilgan deb topiladi” (22-modda). Ehtiyotsizlik tushunchasi O’zbekiston Respublikasining ma’muriy, fuqarolik, mehnat huquqlarida ham uchraydi. O’z xususiyatlariga ko’ra, Ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlar Qonunchilik asosida aybning birmuncha xavfsiz shakli deb belgilangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz