EHROM
EHROM (Arabcha — chegaralanish, ibodat holatiga o’tish) — 1) musulmonlarning katta va kichik haj qilish (haj va Umra) vaqtidagi alohida holati. Ehrom hajni dili bilan niyat qilish, haromdan muhofazalanishdir, ehromdagi kishi “Muhrim” deb ataladi. Muhrim odobdan tashqari so’z so’zlash, xotini bilan yaqinlik qilish, gunoh ishlarga qo’l urishdan saqlanishi lozim. Muhrim kishi tirik mavjudotni o’ldirmaydi, tikilgan libos kiymaydi, oyog’iga paypoq, mahsi, etik kiymaydi, yuzini, boshini biror narsa bilan to’smaydi, xushbo’y narsa surtmaydi, tirnoq, soch, mo’ylarini olmaydi; 2) Ehrom holatiga kirganlar tanaga o’raydigan mato. Hojilar haj kunlarida Ehromga o’ralgan holatda barcha ibodatlarni ado etadilar. Ehromga kirish odatida musulmonlarning mulkiy va jamiyatdagi ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar umumiy tengligi g’oyasi o’z ifodasini topgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz