E. Vohidov
Erkin Vohidov (28-dekabr 1936 – 30-may 2016) — taniqli oʻzbek shoiri, dramaturgi, adabiy tarjimoni va davlat arbobi. Vohidov oʻz sheʼrlarini yozish bilan bir qatorda taniqli xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Tvardovskiy, Johann Wolfgang von Goethe, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov hamda Sergey Yesenin asarlarini yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Ayniqsa, shoirning Yesenin asarlaridan hamda Goethening „Faust“ asarini qilgan tarjimalari eʼtiborga loyiqdir.
Vohidov 1983-yil Hamza nomidagi Oʻzbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1987-yil Oʻzbekiston xalq shoiri unvonini olgan. 1999-yilda esa oliy darajadagi Oʻzbekiston Qahramoni mukofotiga sazovor boʻlgan.
Vohidovning sheʼrlari oʻzbeklar orasida yaxshi tanilgan va tez-tez toʻplamlarda chop etiladi. Shoirning bir necha sheʼriga kuy bastalangan, jumladan, Sherali Joʻrayev tomonidan. 2020-yilning oktyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligi munosabati bilan Vohidovning „Inson“ sheʼri asosida yozilgan „Human“ (Inson) ashulasi arab, ingliz, italyan, qozoq, rus, tojik, turk va oʻzbek tillarida taqdim etildi.
Hayoti
Erkin Vohidovich Vohidov 1936-yilning 28-dekabrida Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida tugʻilgan. Oʻqituvchi boʻlib ishlagan otasi Choʻyanboy Vohidov Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, qaytib kelganidan keyin vafot etgan. Vohidov oʻsha paytda toʻqqiz yoshda boʻlgan. Vohidov oʻsha davr qiyinchiliklarini shunday eslaydi:
Otam frontda ekanida onam qishloq kengashida kotiba boʻlib ishlar, qiyinchilik bilan kun kechirar edik. Joʻxori poyasini shimib tilimni qonatganim, bolalarga qoʻshilib kunjara yeganim uchun onam yuzimga shapaloq urgani va oʻzi kechgacha yigʻlaganini unutmayman.[6]
1945-yil Vohidov onasi Roziyaxon Vohidova bilan Toshkentga koʻchib borgan. Onasi ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtgan. Vohidov togʻasi Karimboy Sohiboyev qoʻlida katta boʻlgan. Vohidovning sheʼriyatga boʻlgan qiziqishini togʻasi uygʻotgan:
Togʻam kasbi yurist boʻlsa ham adabiyot va sanʼatga qiziqqan, sheʼriyatni nozik tushunadigan kishi edi Uyimizga tez-tez kelib turadigan shoir Chustiy, xonandalar aka-uka Shojalilovlar, Maʼrufxoʻja Bahodirov, buyuk olim va tarjimon Alixon Sogʻuniy, oddiy pochta xizmatchisi Mulla Shukurjon, savdo xodimi Akmalxon akalarning zukko bahslariga mahliyo boʻlib oʻtirardim. Ular Hofiz, Navoiy, Bedil, Fuzuliy baytlarini tahlil qilib, har birlari oʻzlaricha talqin qilishardi. Bu suhbatlar ichkiliksiz, faqat sheʼr va qoʻshiq kayfi bilan, askiya zavqi bilan muzayyan boʻlardi.[6]
Vohidov 1960-yil Toshkent davlat universitetining (hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti) filologiya fakultetini tamomlagan. Soʻng turli nashriyot va gazeta-jurnallarda ishlagan. Shoir 2016-yilning 30-mayida 79 yoshda vafot etdi.
Ijodi
Vohidov 1960-yildan 1963-yilgacha „Yosh gvardiya“ jurnali muharriri oʻlaroq ishlagan. 1975—1982-yillarda jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlagan. 1963—1970-yillarda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti bosh muharriri, 1985—1987-yillarda esa direktori boʻlib ishlagan. 1982—1985-yillarda „Yoshlik“ oylik jurnali bosh muharriri lavozimida ishlagan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekiston Oliy Majlisi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi (1995—2005) hamda Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi (2005—2009) lavozimlarida ishlagan.
Vohidov oʻquvchilik yillarida sheʼr yoza boshlagan. Ilk sheʼri 14 yoshida „Mushtum“ jurnalida chop etilgan. Shoirning ilk sheʼriy toʻplami „Tong nafasi“ kitobi boʻlib, u 1961-yil bosilib chiqqan. 1987-yil „Shoiru, sheʼru shuur“ nomli asari nashr qilingan. Vohidov uch pyesa ham yozgan. Bular „Oltin devor“, „Istanbul fojiasi“ hamda „Ikkinchi tumor“ pyesalaridir. „Oltin devor“ komediyasi Pokistonning Lohur shahri teatrida qoʻyilgan.
Adabiy tarjimalari
Vohidov koʻplab xorij ijodkorlari, jumladan, Aleksandr Blok, Aleksandr Tvardovskiy, Friedrich Schiller, Johann Wolfgang von Goethe, Lesya Ukrainka, Mixail Svetlov, Muhammad Iqbol, Rasul Hamzatov, Sergey Yesenin hamda Silva Kaputikyan asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Xususan, shoir 1974-yil Goethening „Faust“ asarini oʻzbekchaga oʻgirgan. Shoir Yesenin sheʼrlarini ayniqsa yuksak mahorat bilan oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Quyida Yeseninning vidolashish sheʼri boʻlmish „Xayr endi, xayr, doʻstginam“ (1925) sheʼrining Vohidov qilgan tarjimasi keltirilgan.
Vohidov sheʼrlari esa nemis, fransuz, ingliz, urdu, hind, arab va boshqa turkiy tillarga tarjima qilingan. Sovet shoiri Robert Rojdestvenskiy Vohidov asarlarini juda yuqori baholagan.
Quyida shoirning „Oʻzbegim“ sheʼrining inglizcha tarjimasidan parcha keltirilgan:
Kuy bastalangan sheʼrlari
Vohidovning koʻp sheʼriga oʻzbek ijodkorlari qoʻshiq bastalagan. Bular orasida eng taniqlilari Sherali Joʻrayev ijro etgan „Inson“ hamda „Oʻzbegim“ ashulalaridir.
Merosi
Vohidov oʻzbeklarning eng sevimli shoirlaridan biri. Oʻzbekistonda koʻplab muassasa va joylarga shoir nomi berilgan. 2018-yilda Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi maktab-internat ochildi. 2019-yilda esa shaharda Erkin Vohidov memorial muzeyi ochildi.
Vohidov hayoti va ijodi haqida koʻplab kitob yozilgan, shu jumladan, „Erkin Vohidov saboqlari“ (2016), „To quyosh sochgayki nur“ (2016), „Soʻz sehri“, „Oʻzbegimning Erkin oʻzbegi“ kitoblari.
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org