DZYUDO
DZYUDO (yaponcha dzyu — yumshoq, do — yo’l) — sport yakkakurashi. Dzyudoga Yaponiyada professori Dzigoro Kano (1860-1938) 1882 yilda asos solgan. U yaponlarning jiu-jisu yakkakurashidan inson salomatligiga ziyon yetkazmaydigan usullarini olib, Dzyudoni jismoniy barkamollikka yetaklaydigan sport turi sifatida shakllantirdi. Dzyudochilar kimano (oq kalta kamzul va cholvor) kiyib, yalang oyoqda tatami (gilam) ustida bellashadilar. Asosan 7 vazn toifasida (erkaklarda 60, 66, 73, 81, 90, 100, 100+, ayollarda 48, 52, 57, 63, 70, 78, 78 + kilogramm) musobaqa uyushtiriladi, kurash erkaklarda 5 minut, ayollarda 4 minut davom etadi. Tik turib kurashilganda raqiblar (chalish, siltab tashlash, yelkadan oshirib otish va hokazolar) usullar qo’llab bir-birlarini tatamiga yiqitib baho olishga harakat qiladilar. Yotib kurashilganda qo’l-oyoqlarni qayirish, og’ritish va bo’g’ish usullarini qo’llab, raqibining yelkasini tatamiga 30 sekund davomida bosib turib yengishga (yengilganini tan olishga majbur etishga) ruxsat etiladi. Usullar bajarilishiga qarab, kurashchilarga “Koko”, “yuko”, “vazari” va “ippon” baxrlari beriladi (“ippon” — sof g’alaba, 2 ta “vazari” — g’alaba, “yuko” va “Koko” baxrlari sanab borilib, yakunda inobatga olinadi). Dzyudo bo’yicha musobaqalar 1883 yildan o’tkaziladi. Xalqaro Dzyudo federatsiyasi (FIJ) 1956 yilda tuzilgan, unga 150 ga yaqin mamlakat, shu jumladan O’zbekistan Dzyudo federatsiyasi a’zo (1991). 1956 yildan jahon chempionati o’tkazib kelinadi, 1964 yildan Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritilgan. O’zbekistonda Dzyudo bilan 20-asrning 80-yillaridan shug’ullaniladi. Dzyudoning ayrim jihatlari o’zbek kurashiga o’xshash bo’lgani uchun tez ommalashdi. Dzyudo chilarimiz, ayniqsa, mustaqillik yillarida yuqori natijalarga erishdi, ular nufuzli musobaqalarda 30 dan ziyod medal bilan taqdirlanishdi. Jumladan, Armen Bagdasarov Olimpiada (1996) va Osiyo o’yinlarida (1998) — kumush, Farhod To’rayev jahon chempionatida (1999) — kumush va “A” toifasidagi musobaqalarda (1998, 2001) — 2 ta oltin, Egamnazar Akbarov jahon universiadasida (2001) — oltin, “A” toifasidagi musobaqalarda Kamol Murodov (1998) va Vladimir Shturbabin (1999) — oltin, Suzanna Ahmedova Osiyo chempionatida (1999) — bronza medallarini qo’lga kiritishgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz