DYUBA



DYUBA, Dyu Boys (Dudois, Du Bois) Uilyam Eduard Byorkxard (1868. 23.2, Greyt-Barrington, AQSh — 1963.27.8, Akkra, Gana) — Amerika yozuvchisi, tarixchisi, jamoat arbobi, AQSh dagi zamonaviy negr adabiyotining asoschilaridan. 1895 yilda falsafa Doktori unvonini olgan. Atlantadagi universitet iqtisodiyot va tarix professor (1897-1910), ijtimoiy fakultet dekani (1933-44). 1961 yilda Ganaga ko’chib kelib, “Afrika entsiklopediyasi” (“Encyclopedia Africana”) nashriga rahbarlik qilgan. Dyuba butun Afrika xalqlarini birlashtirishga bag’ishlangan bir nechta kongresslarning (1-si — 1919, oxirgisi — 1945) tashabbuskori bo’lgan. Negr xalqi haqidagi tarixiy va ijtimoiy asarlar muallifi. “Qora kishilar qalbi” (1903) ocherklar to’plami, “Kumushrang teri izlab” (1911) romani, “Tim qora suv” (1920) hikoyalar, ocherklar va she’rlar to’plami, “Qora alanga” (“Mansart sinovda”, 1957; “Mansart maktab qurmoqda”, 1959; “Qora alanga”, 1961) trilogiyasi va boshqa asarlarida negr xalqining so’nggi bir yarim asrdan ortiq vaqt mobaynidagi mehnati, irqchilikka va ijtimoiy adolatsizliklarga qarshi kurashi o’z badiiy ifodasini topgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz