DURRONIYLAR DAVLATI



DURRONIYLAR DAVLATI – dastlabki mustaqil afg’on davlati (1747— 1818). Asoschisi — Ahmadshoh Durroniy. Nodirshoh saltanati yemirilgach paydo bo’lgan. 1761 yilga kelib, Durroniylar davlatiga sharqdan Panjob, Kashmir, Sind va Belujiston, g’arbdan Xuroson va Sharqiy Seiston, shimoldan Jan. Turkiston (Balx, Badaxshon va boshqalar) kirgan. Bu davrda Afg’oniston shaharlarining iqtisodi, madaniyati rivojlandi. Tranzit savdo ko’paydi, Hindiston va Erondan asir olingan hunarmandlar keltirildi. Poytaxti — Qandahor shahri (1773/74 yilgacha). Temurshoh (1773-93) esa poytaxtni Kobulga ko’chirdi. Durroniy shoxlari saroyida Hofiz Rahmatxon, Abdulhamid, Afzalxon Xattak kabi yetuk shoirlar ijod qilgan. Afg’on qabila xonlarining yirik mulkdorlarga aylanishi mamlakat birligi uchun qattiq zarba beradi. Ahmadshohning nevarasi Zamonshoh (1793-1801) mulkdorlarning o’zaro urushlari, sardorlarning beboshligiga chek qo’yishga urinsada, unga erisholmadi. Panjob va Janubiy Turkistonda qo’zg’olonlar ko’tarilib (1768, 1779, 1789), mustaqil amirliklar (Hirot, Kobul, Qandahor, Peshavor va boshqalar) vujudga keldi (1818).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz