DURRA



DURRA, maylo (Sorghum durra) — donli jo’xorining bir turi, g’alladoshlar (g’allagullilar) oilasiga mansub bir yillik o’simlik; oziq-ovqat (un, yorma) va yem-xashak (ko’k massa, pichan) ekini. 16 turi mavjud. Boshoqchasi va shakliga qarab quyidagi kenja turlarga bo’linadi: Efiopiya jo’xorisi (S. durra ssp. aethiopicum); Nubiya jo’xorisi (S. durra ssp. nubicum); Arabiston jo’xorisi (S. durra ssp. arabicum). Bo’yi 2-3 metrga boradi. Issiqsevar, qurg’oqchilikka bardoshli. Guli g’uj joylashib (oq jo’xoriga o’xshash) ro’vak hosil qiladi. Ro’vagining zichligi, tik o’sganligi, barmoqsimon to’pguli bilan oq jo’xoridan farq qiladi. Durra AQSh, Afrikaning tropik mintaqalarida, Afg’oniston, Janubiy Yevropa mamlakatlarida, Yaponiya va O’rta Osiyoda ekiladi. O’sish davri 3-4 oy. Durra sug’oriladigan yerlarda g’alla ekini sifatida ekiladi. Durraning uni deyarli oq. Quruq poyalari chorva mollariga beriladi. Yashil maysasida zaharli durrin glikozidi, ba’zilarida tsianid kislota bo’ladi. Shuning uchun mollarga boshqa ozuqalarga aralashtirib berish tavsiya qilinadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj
Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish

Uzpedia.uz