DURBIN



DURBIN (forscha — uzoqni ko’ruvchi), binokl — uzoqdagi narsalarni ko’rish va kuzatish uchun xizmat qiladigan optik asbob. Har qanday Durbin bir-biriga yonma-yon o’rnatilgan ikki trubaga ma’lum tartibda joylashgan ob’yektiv linza va okulyardan iborat. Durbinning uzoqqa qaratiladigan katta “ko’zlari” ob’yektiv, kuzatuvchi qaraydigan kichik “ko’zlari” okulyar deyiladi. Amalda ikki xil Durbindan foydalaniladi: 1) Galiley Durbini 2,5—4 marta kattalashtirib ko’rsatadi. Bu Durbinda yorug’likni yoyuvchi linza okulyar vazifasini o’taydi. Galiley Durbini oddiy, ixcham, yorug’likni yaxshi o’tkazadigan, ammo ko’rish maydoni tor bo’lganligi uchun ko’pincha teatr tomoshalarini ko’rishda ishlatiladi; 2) prizmali Durbin — foydalanish uchun qulay. Ko’rish maydonining burchagi katta, stereoskopga xos xususiyatlari yaxshilangan Durbin yordamida masofalarni o’lchash ham mumkin. Amalda qo’llanilayotgan Durbin narsalarni 2-22 marta kattalashtirib ko’rsatadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz