DURA-YEVROPOS
DURA-YEVROPOS — Furot daryosining o’rta oqimi bo’yida joylashgan qadimgi shahar xarobasi (miloddan avvalgi 300 — milodiy 256 yil). Podshoh Salavk I tomonidan bunyod etilgan. Miloddan avvalgi 2-asrning 2-yarmidan Parfiya podsholigi, milodiy 165 yildan Rim imperiyasi tarkibida. 256 yil Eron bilan bo’lgan urushdan keyin sosoniylar qo’shini tomonidan vayron qilingan. Shaharning ijtimoiy-iqtisodiy tarixiga oid papirus va pergamentga bitilgan bizgacha saqlanib qolgan ko’pgina hujjatlar, Salavkiylar davridan qal’a, Agora (xalq Majlisi o’tkaziladigan maydon), ibodatxonalar qoldiqlari, parfyanlar davridan esa saroy, devoriy naqsh solingan ko’plab ibodatxonalar xarobalari, Rim davridan bo’lsa istehkomlar, termalar (hammomlar), cherkov, sinagoga va Mitra ibodatxonasi xarobalari saqlangan. Dura-Yevropos Suriya bilan Eron o’rtasidagi karvon savdosining yirik markazi hamda mamlakat chegarasidagi muhim qal’a vazifasini o’tagan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz