Durango (shtat)
Durango — Meksikadagi shtat. Maydon 119,6 ming km. Aholisi 1445 ming kishi (2000). Maʼmuriy markazi — Durango shahri. Yirik shaharlari: Gomes-Palaso, Syudad-Lerdo. Shtatning sharqiy qismi Meksika togʻligida joylashgan, Syerra-Madre togʻlari uning gʻarbini Tinch okean sohilidan ajra-tib turadi. Iqlimi quruq, issiq, togʻlarda moʻʼtadil iqlim, sernam. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi 12°, yillik yogʻin oʻrtacha 450 mm. Togʻlarda sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan igna bargli oʻrmonlar saklangan.
Durango agrar shtat, qishloq xoʻjaligi yetakchi oʻrinda. Oziq-ovqat (makkajoʻxori, loviya) va texnika ekinlari ekiladi. Paxta tozalash zavodlari bor. Togʻ oldi rayonlarida yogʻoch tayyorlanadi, kichikroq taxta tilish korxonalari joylashgan. D.da konchilik sanoati rivojlangan. Durango sh. yaqinida mamlakat qora metallurgiya sanoatining asosiy bazasi boʻlgan yirik temir ruda konlari bor. Oltin, kumush, qalay olinadi. Shosse va temir yoʻl orqali mamlakatning shimoliy rayonlari va Tinch okean bilan bogʻlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org