DURAGAYLASH
DURAGAYLASH — irsiy belgi va xususiyatlari bilan farqlanuvchi o’simliklar va hayvonlarni o’zaro chatishtirish. Natijada ota-ona organizmlarining belgi va xususiyatlariga ega bo’lgan duragay organizm paydo bo’ladi. Duragaylashda chatishtirish uchun olingan ota va ona organizmlar R harfi b-n (R, — ona; R2 — ota), ona shakli 9 (ko’zgu) otalik — cf (qalqon va nayza), chatishtirish esa x belgilari bilan; duragay avlodlari (bo’g’inlari) lotincha F harfi ostiga qo’yilgan tartib raqamlari bilan ifodalanadi (masalan; F, — birinchi, F2 — ikkinchi va hokazo avlodlar). Duragaylash jinsiy hujayralar ishtirokida hamda vegetativ tana organlari ishtirokida o’tkaziladi. Jinsiy hujayralar ishtirokidagi Duragaylashda asosan irsiy belgilarni belgilovchi genlar, xromosomalar katnashadi. Bunda onalik va otalik shakllari gen va xromosomalarining o’zaro favqulodda qo’shilishi evaziga ko’plab rekombinantlar — yangi belgi va xususiyatlarga ega o’simliklar F2 va kelgusi avlodda ajralib chiqadi hamda bu selektsiya ishini olib borish uchun katta manba hisoblanadi. Jinsiy hujayralar ishtirokida Duragaylash tabiiy va sun’iy bo’lishi mumkin. Tabiiy Duragaylash tabiatda juda keng tarqalgan hodisa bo’lib, faqat tur-xillar, turlar o’rtasidagina ro’y berib qolmay, har xil turlar, hatto turkumlar o’rtasida ham yuz berishi mumkin. Paydo bo’lgan tabiiy duragaylar evolyutsiya yoki selektsiya jarayonida tanlash uchun material bo’lib xizmat qiladi. Sun’iy Duragaylash tezpishar, serhosil, kasallik va hasharotlarga chidamli yangi navlarni, chorvachilikda esa sermahsul, tabiiy iqlim zonalariga moslashgan hayvon zotlarini yaratishda qo’llaniladi. Duragay populyasiyalari ichidan tanlash kerakli belgilar mujassamlangan yangi navlar va zotlar yaratish imkoniyatini beradi. Duragaylash genetika va selektsiya fanlari asosida kelib chiqqan bo’lib, genetikada irsiy belgi va xususiyatlarning avloddan-avlodga o’tish qonunlarini, belgilarning o’zaro uzviy bog’lanishi — korrelyatsiya ko’rsatkichlarini o’rganish va boshqa maqsadlarda; kasalliklarga va hasharotlarga chidamli, serhosil, hosilning sifati yuqori bo’lgan qishloq xo’jalik ekinlarining yangi navlarini, chorvachilikda sermahsul hayvon zotlarini yaratishda qo’llaniladi. Duragaylashning bir qancha uslublari va shakllari mavjud. Duragaylash tur ichida Duragaylash (bir turga mansub, lekin genetik jihatdan farqlanuvchi individlarni chatishtirish), turlararo Duragaylash (har xil turga mansub individlarni chatishtirish) va turkumlararo Duragaylash (turli turkumga mansub individlarni chatishtirish), navlararo Duragaylash (genetik farklanuvchi ikkita navga mansub individlarni chatishtirish) va boshqalarga bo’linadi. Turlararo va turkumlararo Duragaylash geografik uzoq shakllarni duragaylash yoki genetik uzoq Duragaylash, tur ichida va navlararo, nav ichida chatishtirish tur ichida Duragaylash deyiladi. Geografik uzoq Duragaylashning genetik hamda selektsiyada amaliy va nazariy ahamiyati katta, chunki unda tur ichida duragaylashda hosil qilib bo’lmaydigan” belgi va xususiyatlarga ega shakllar paydo bo’ladi. Genetik uzoq Duragaylash imkoniyatlari bir qator omillar: turlarning xromosomalari soni yoki ularning genetik Konstitutsiyasi bilan farqlanishi; turlarning geografik ajralib qolishi; ko’payish tsikllarining mos kelmasligi; jinsiy ko’payish organlari tuzilishidagi farqlar; chang naychalari va urug’chi to’qimalarining nomutanosibligi singari chetdan changlanishga to’sqinlik qiluvchi omillar; qo’shiluvchi gametalarning genetik nomutanosibligi, yadro va tsitoplazmaning fiziologik nomutanosibligi; zigotaning yashash sharoitiga moslasha olmaganligi tufayli rivojlanishning boshlang’ich davrida nobud bo’lishi va boshqalar bilan cheklangan. Masalan, go’zada xromosomalari har xil turlarning uzoq Duragaylashda chatishmasligini bartaraf etish uchun payvand qilish yo’li bilan oldindan vegetativ yaqinlashtirish usuli, ota-ona o’simlik turlarining changi aralashmasi bilan changlash, F, dan vositachi sifatida foydalanish, changlashni onalik gullari ustuncha va tumshuqchalarining turli xil rivojlanish bosqichlarida o’tkazish, onalik shakllari gulining tumshuqchasini o’sishni tezlashtiruvchi moddalar bilan ishlash, kolxisin ta’sir ettirib diploid otaona turlarining xromosomalari sonini ikki baravar oshirish kabi usullardan foydalaniladi. Duragaylashning bir qancha usullari bor. Oddiy Duragaylashda — ota va ona sifatida olingan (ikki xil irsiy xususiyatga ega bo’lgan) bir turga mansub ikki o’simlik birbiri bilan chatishtiriladi (ax B). Oddiy chatishtirish ikki nav, ikki tur, ikki avlod o’rtasida olib borilishi mumkin. Murakkab Duragaylashda xar xil shakllarni — bir turga mansub bir necha navni o’zaro chatishtirishdan olingan duragaylar yana bir-biri bilan chatishtiriladi [(axb) x (Bxg)]. Takroriy chatishtirish da oddiy chatishtirishdan olingan duragay yana o’sha ona (A) yoki ota (B) forma bilan chatishtiriladi [(ax B) x A yoki (ax B) xb]. Pog’onali chatishtirishda oddiy duragay (Axb) har yili boshqa-boshqa formalar b-n chatishtiriladi [(axb) x V]. Re TSI p rok chatishtirishda birinchi galda ona sifatida olingan o’simlik ikkinchi galda ota, ota esa ona sifatida olinadi (Axb va BXA). Bek Kross Duragaylash — birinchi yoki uchinchi bo’g’in duragaylarini ota-ona shakllarining biri bilan bir yoki ko’p marta kayta chatishtirishdir. Bulardan tashqari, yaqin qarindoshlik chatishtirish (insuxt — o’simliklarda, inbriding — hayvonlarda) usuli ham mavjud. Bunda chetdan changlanuvchi o’simlik 5-6 yil o’zidan chatishtirilsa, insuxt liniya hosil bo’ladi. Bunday ikki xil liniyalar o’zaro chatishtirilsa, liniyalararo duragay, ikki xil liniyalararo duragay o’zaro chatishtirilsa, qo’sh liniyalararo duragay hosil bo’ladi. Oddiy va murakkab Duragaylash chorvachilikda yangi zot yetishtirish va ayrim irsiy belgilarni yaxshilash maqsadida, o’simlikshu-noslikda esa yangi nav yetishtirish bilan birga o’simlikning geterozis formalarini yaratish, ekinlar hosildorligini oshirishda qo’llanadi. Vegetativ Duragaylashning (tana qismlari) kurtak payvand (kurtaklar ko’chatlar po’stlog’iga o’tqaziladi) va iskana payvand ko’rinishlari bor. Vegetativ Duragaylash asosan meva-bog’dorchilikda qo’llaniladi. Duragaylash mikroorganizmlarda ham o’tkaziladi. Bunga genetik injeneriya va biotexnologiya uslublarida bir hujayrali organizmdan DNK tarkibi ajratib olinadi va uning o’rniga inson yoki boshqa DNK moddasi kiritiladi va shu DNK topshirigiga binoan yangi duragay organizm ishlay boshlaydi. Shu usulda o’stirish gormoni, insulin kabi o’ta kerakli moddalar ishlab chiqariladi. Yo’ldosh Uzoqov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz