DURAGAY URUG’



DURAGAY URUG’ — irsiyati har xil navlar, turlar va turkumlarni chatishtirishdan olingan urug’. Duragay urug’ ota-onalari genlarining kayta juftlanishi va transgressiya (qo’shilib ta’sir etishi) asosida yangi belgi va xususiyatlarni o’zida mujassam etadi. Genlar nazoratidagi belgi va xususiyatlar duragaylarning har bir bo’g’inida yangidan rivojlanadi. Duragay urug’ olish usuli va tartibi sun’iy duragaylashgan, ya’ni bir navning gulini (onaligini) ikkinchi navning changi (otaligi) bilan changlashdan iborat. Duragay urug’ genetik tadqiqotlar, shuningdek, selektsiyada yangi navlar yaratishda ota-ona organizmlarining biron bir muhim belgilarini yangi navlarga o’tkazishda qo’llaniladi. Birinchi bo’g’indagi Duragay urug’ geterozis belgilariga ega bo’ladi. Dehqonchilikda Duragay urug’lardan g’o’za, makkajo’xori, oq jo’xori, qand lavlagi, bodring, sabzavot ekinlari hamda ko’pchilik yem-xashak ekinlari hosildorligini oshirishda keng foydalaniladi. Ayniqsa makkajo’xorining Duragay urug’ni yetishtirish bo’yicha maxsus urug’chilik xo’jaliklari tarmog’i tashkil etilgan. Shuningdek, bug’doy va moyli ekinlarning Duragay urug’laridan foydalanish imkoniyatlari ham o’rganilmoqda. Asosan, birinchi bo’g’in Duragay urug’lar ekiladi. Ikkinchi va undan keyingi bo’g’inlarda ularning hosili pasayadi. Duragay urug’larni ko’plab olish usullari topilgan holdagina ulardan unumli foydalanish imkoniyati tug’iladi. Duragay urug’larni yetishtirish usullari o’simlikning biologik xususiyatlariga, chunonchi, gullash tipiga qarab belgilanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz