DURAGAY



DURAGAY — irsiy belgilari bilan bir-biridan farq qiladigan organizmlarni jinsiy yoki vegetativ usulda o’zaro chatishtirib olingan nasl. O’simlikshunoslikda tur ichi va uzoq shakllar (turlararo, turkumlararo) Duragaylar uchraydi. Tur ichi Duragaylari bir turga mansub ikki navni, tur xillarning individlarini chatishtirish yo’li bilan olinadi. Geografik uzoq Duragay (har xil genomli) bir turkumga oid ikki turni, ikki yoki undan ortiq turga mansub navlarni, bir oilaga mansub ikki turkumni chatishtirib olinadi. Hozirgi davrda qishloq xo’jalik ekinlarining tezpisharligi, hosildorligini oshirish, hosil sifatini yaxshilashda birinchi bugin Duragaylardan foydalanish keng yo’lga qo’yilgan. Makkajo’xori, kungaboqar, pomidor, qand lavlagi va boshqa urug’chiligida birinchi avlod Duragay urug’laridan foydalanish yuqori samara beradi. O’zbekistonda Duragay ipak qurti selektsiyasida katta yutuqlarga erishilgan. Chorvachilikda xar xil tur, avlod yoki zotlarga mansub hayvonlarni o’zaro chatishtirish natijasida olingan yangi nasl Duragay deyiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz