DURADGORLIK
DURADGORLIK — yog’ochsozlik hunari; kasb-hunar turi. Duradgorlik uysozlik, asbobsozlik, aravasozlik, qayiqsozlik, javonsozlik, eshiksozlik, beshiksozlik, egarsozlik, elaksozlik, sandiqsozlik, panjarasozlik singari juda ko’p tarmoqlardan iborat. Duradgorlik bilan shug’ullanuvchilar xalq orasida usta, duradgor, durezgar, Najjor, eshiksoz, aravasoz, elaksoz kabi nomlar bilan ataladi. Duradgorlik tarmoqlarining hammasi uchun umumiy bo’lgan ish jarayoni — yog’och qirqish, tilish, yo’nish, randalash, parmalash va hokazolar. Shu tufayli Duradgorlik ustalari ishlatadigan asboblar, xom ashyolar (tut, yong’oq, jiyda, chinor, qayrag’och, tol, terak, eman, qarag’ay, arg’uvon, olcha, olma, o’rik, nok va boshqa daraxt taxtalari, g’o’lalari, elim, temir mix, yog’och mix va hokazolar) ham deyarli bir xil. Duradgorlik hunarmandlikning eng qadimgi turlaridan. Jamiyat taraqqiyoti jarayonida inson uchun zarur har xil buyumlar Duradgorlik ustalari etishib chiqishini taqozo etgan. Ibtidoiy jamiyatda ovchilik, baliq ovlash, o’simlik ildizlarini kavlab olish kabi jarayonlarda tosh asboblar qatori Duradgorlikning ibtidoiy buyumlari ham qo’llanilgan. Tosh davriga oid topilmalar orasida tosh qurollarning yog’och soplari, yog’och qurollar (tayoq, yoy, nayza) va hokazolar uchraydi. Temir va jez davri yodgorliklari Duradgorlik kasbining ancha murakkablashganini, Duradgorlik buyumlarining xili ko’payganini ko’rsatadi. Kishilarning g’orlardan chiqib uylar (chayla, chordoq, yerto’la, paxsa uy va boshqalar) qura boshlashi, chorvachilik va dehqonchilik urf bo’lishi [mol qo’ralar qurish, omoch, g’altakarava, ariq qaziladigan buyumlar va suv chiqarish vositalari (chig’ir, tarnov) yasash, mehnat qurollari (belkurak, bolta, ketmon, o’roq, pichoq) uchun soplar ishlash] Duradgorlikning turli tarmoqlariga oid dastlabki namunalar vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Suv bo’yida yashaydigan aholi orasida baliq ovlash va aloqa vositalari (ov asboblari, Sollar, qayiqlar) paydo bo’ldi. Shu tarzda Duradgorlik hunarmandlikning muhim qismiga aylandi, mustaqil kasb sifatida ajralib chiqdi. Jamiyat taraqqiyotining keyingi davrlarida Duradgorlik tarmoqlarining har biri mustaqil rivojlandi va murakkablasha bordi. Masalan, eng qadimgi yuk tashuv vositalaridan biri bo’lgan g’altakarava o’rnini arava egalladi (ot, eshak, tuya, ho’kiz kabi hayvonlar qo’lga o’rgatilgach) va Duradgorlikning aravasozlik (egarsozlik ham shuning ichida) tarmog’i rivojlandi. Uysozlikning dastlabki ko’rinishlari (chayla, chordoq, yerto’la kabilar qurish) taraqqiy etib, paxsa, tosh, g’isht, yog’och uylar qurila boshlashi bilan bu tarmoq ichida yangi-yangi kasblar (eshiksozlik, derazasozlik, panjarasozlik, javonsozlik va boshqalar) yuzaga kela boshladi. Uysoz duradgorlar asosan uyning sinch, ustun, xari, to’sin, vassa, sharafa kabi qismlarini yasab, ularni joy-joyiga qo’yganlar. Eshiksoz, derazasoz va panjarasozlar uy uchun maxsus eshik, deraza, panjara, darvoza va hokazolar tayyorlaganlar. Sandiqsoz, beshiksoz duradgorlar uy ichi jihozlari yasashga mutaxassislasha bordi. Ko’p hollarda duradgorlar birvarakayiga Duradgorlikning bir necha tarmog’i bo’yicha ham ishlayverganlar (masalan, javonsoz usta sandiq ham, deraza ham yasayvergan). Uysoz duradgorlar safiga keyinchalik polsoz, shiftsoz duradgorlar qo’shildi. Uy-ro’zg’or buyumlarini yasaydigan duradgorlar bora-bora Duradgorlikning maxsus tarmog’ini tashkil etdi. Duradgorlikning bir necha ming yillik taraqqiyoti uning ba’zi tarmoqlarining san’at darajasiga o’sib chiqishini ta’minladi. Asbobsozlik, yog’och o’ymakorligi, panjarasozlik, sandiqsozlik kasbida ishlovchi Duradgorlik ustalar bu tarmoqlarning yetuk san’at namunalarini yaratdilar. Musiqa asboblari (dutor, setor, chortor, tanbur, g’ijjak, chang, doira, nay, surnay va hokazolar) yasovchi Duradgorlik kasblari paydo bo’ldi. Duradgorlik tarixida Xitoy yog’och pardozlash (sayqal, jilo berish, bo’yash, loklash) san’ati, Yevropa kemasozligi, o’zbek o’ymakorligi va hokazolar mashhur. O’zbekiston hududida qadimda qurilgan masjid va madrasalarning eshiklari o’ymakor naqshlar bilan bezatilgan. Samarqand, Buxoro, Ko’hna Urganch, Xiva, Panjikent va boshqa shaharlardagi 9-12-asrlarga oid ko’hna yodgorliklarda ishlatilgan yog’och materiallardan Duradgorlik me’morlikning ajralmas qismi bo’lganligini ko’rish mumkin. Bu davrga oid o’ymakorlik va asbobsozlik buyumlari turli-tuman gul va islimiy naqshlar, Qur’on oyatlari va she’riy misralar bilan bezatilgan. 14-15-asrlarga oid me’moriy yodgorliklarida (ayniqsa Amir Temur davrida qurilgan bino va inshootlarda) Duradgorlik tarmoqlarining yanada mukammallashgani ko’rinadi. Duradgorlik uslublarida yog’ochlarni yo’nish, ularga ishlov berishda, muayyan kompozitsiya asosida ularni birlashtirishda, detallarning aniq, ixcham va silliqligida davr ruhi aks etdi. 19-asrning o’rtalarigacha o’zbek ustalari an’anaviy Duradgorlikni davom ettirdilar, uning ba’zi tarmoqlarini shakllantirdilar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlaridan o’zbek duradgorligi Yevropa va rus Duradgorlik elementlari bilan boyidi. Duradgorlik mahsulotlarining yangi — yevropacha nusxa va turlari paydo bo’ldi. Sobiq Ittifoq davrida Duradgorlikning o’zbek xalqiga xos an’anaviy tarmoqlari (aravasozlik, beshiksozlik, egarsozlik va boshqalar) o’rniga mebel (stol, stul, shkaf, divan, pianino va boshqalar) yasash avj oldi, uysozlik, dastgohsozlik, xo’jalik jihozlari yasash kabi tarmoqlar rivojlandi. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, o’zbek xalqining an’anaviy Duradgorlik uslublari qayta tiklanib, qadimiy Duradgorlik uslublari yangidan rivojlanmoqda. Duradgorlikda O’zbekistondagi har viloyatning o’ziga xos an’analari va uslublari qayta tiklanmoqda.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz