DUR



DUR, inju (Xitoy tilidan) — 1) mollyuskalarning mantiya terisida sharsimon yoki noto’g’ri shaklda paydo bo’ladigan mahsulot. Durning tarkibi chig’anoqlar tarkibidan farq qilmaydi va asosan kaltsitdan iborat. Juda oz miqdorda suv, organik va boshqa moddalar bo’ladi. Eng yirik va yuqori sifatli Durlar iliq suvli okeanlarda hamda chuchuk suv havzalarida yashaydigan Pteria va Margaritana deb ataladigan ikki tavaqali mollyuskalarda topilgan. Durga har xil ranglari bilan jilolanib turadigan kontsentrik tuzilishdagi marvarid qatlamlari xos bo’ladi. Tabiatda pushti rang yoki sarg’ish oq, ba’zan qora rangdagi, kaptar tuxumidek keladigan Dur eng qimmatbaho hisoblanadi. Dur Bahrayn orollari, Qizil dengiz, Yaponiya, Shrilanka, Avstraliya qirg’oqlari yaqinida va boshqa joylarda yashovchi mollyuskalardan olinadi. Rossiyaning Murmansk viloyati, uzoq Sharq, Xitoy, shimoliy Amerika atroflaridagi dengizlarda ham Dur bor. Durning tabiiy zahiralari ozayib ketganligi sababli 20-asr boshlaridan sun’iy yo’l bilan ko’paytirilmoqda (maxsus havzalar va oqib yuruvchi katta idishlarda ko’paytiriladi. Buning uchun yosh chig’anoqlarning mantiya terisi sirtiga mayda sharsimon qum zarralarini joylashtirib, taxminan 10 yil davomida boqib yiriklashtiriladi). Bu usul hozir Yaponiya va Xitoyda keng qo’llaniladi; 2) zeb-ziynat buyumi. Durning yirik va mayda (marvarid) donalari taqinchoqlar (tillaqosh, isirg’a, uzuk, to’g’nog’ich va boshqalar) ni bezashda ishlatiladi. Shuningdek, saralab olingan yirik Durlardan ipga tizib tayyorlangani (munchoq) bo’yinga taqiladi. Dur qadimdan zargarlikda keng foydalanilgan, qimmatbaho metallar (oltin, kumush va boshqalar) dan tayyorlangan buyumlarga qimmatbaho toshlar bilan birga qadalgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz