DUO
DUO — Xudoga iltijo qilib, o’zi yoki boshqalar uchun uzoq umr, baxt, najot tilash va yomonlikni qaytarishni so’rash. Bunda Duo qiluvchi ma’lum bir xatti-harakatni ado etadi (masalan, musulmonlarda ikki qo’lini yuziga tortib fotiha qiladi). Duo barcha dinlarning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. U ibtidoiy davrda so’zning sehrli kuchiga ishonish, uning yordamida ilohiy kuchlardan foydalanish mumkin degan ishonch asosida shakllangan. Duoni qaysi tilda qilishning ahamiyati yo’q. Lekin Islom dini aqidasi bo’yicha, agar talaffuzini o’rniga qo’ya olsa va mazmunidan ogoh bo’lsa, duoni Arab tilida qilish afzaldir. Duoning ikki turi bo’ladi. Birinchisi, “ma’sura”, ya’ni matni Qur’on, hadis yoki boshqa diniy manbalarda aniq belgilab qo’yilgan Duolar. Ularni buzmay, qo’shmay, qanday ko’rsatilgan bo’lsa o’sha tarzda o’qiydilar. Ikkinchisi, “muhtaraa”, ya’ni Duo matnini o’zi to’qib, erkin holatda iltijo qilish. But, sanam va soxta ma’budalarga yolvorib iltijo qilish ham Duo turiga kiradi. Islom aqidasi bo’yicha, farzand ato etish, shifo berish, baloqazodan asrash, insof tavfiq kabi hojatlar faqat Allohning o’zidan so’raladi. Undan boshqadan so’rashlik shirk va kufr sanaladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz